Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Gavhar kamida Vaynona Rayderdek yulduz bo‘lardi, agar...

Gavhar kamida Vaynona Rayderdek yulduz bo‘lardi, agar...

Foto: kino-teatr.ru

Amanda Bayns shizofreniya, gollivudlik komik Jim Kerri, angliyalik yozuvchi ayol, «Garri Potter» asari muallifi Joan Rouling, aktrisa Vaynona Rayder, qo‘shiqchi va musiqachi Elton Jon, futbolchilar Devid Bekxem, Gershel Uolker va nihoyat, hammamiz sevib tomosha qiladiganimiz xorij kinosi – «Vatanparvar» rejissyori va bosh rol ijrochisi Mel Gibson – bular ruhiy kasalliklarning turli ko‘rinishlari bilan og‘rigan xorij mashhurlari.

Ammo ular butun dunyo xalqlarining sevimli qahramonlari qatoridan joy olgan. Ularning ruhiy xastaligi ish beruvchilar uchun hech qachon ahamiyatga ega bo‘lmagan va bu xastaliklariga hech qachon jiddiy e’tibor berishmagan. Bu mashhurlarning ba’zilari depressiya, maniakal depressiv psixoz, shizofreniya kabi xastaliklar bilan umr bo‘yi kurashib kelayotgan, dorilarni kanda qilmayotgan insonlar. Masalan, Mel Gibsonning Mel Gibson bo‘lib tanilishiga kim sababchi?Albatta kinorejissyorlar, prodyusserlar, u yashayotgan mamlakat, u ijod qilayotgan jamiyat, uning do‘stlari, yaqinlari.

Xorij kinolarining yutuqlari sababi — talantning birinchi o‘rinda turishi. Talantli odam ruhan sog‘lommi, nosog‘lommi, chiroylimi, ko‘rimsizmi, oilaviy hayoti namunalimi, oiladan omadsizmi, farqi yo‘q. Muhimi — u talant. Muhimi u INSON — boshqacha qalbli iqtidor.

Shu iqtidori bilan yurtini jahonga tanitishi, tan oldirishi, mislsiz sarmoya kiritishi mumkin. Muhimi, u shu talanti orqali boshqalar tomonidan tan olinishi tufayli o‘sishi yoki aksincha, e’tiborsizlik tufayli so‘nishi mumkin. Tasavvur qilaman. Mel Gibson bizda shu iqtidori bilan o‘sib ulg‘ayganida kim bo‘lardi. Hech kim. Bugun Madaniyat vaziri B.Sayfullayevning Gavhar Sharipovani uyalmasdan ruhan nosog‘lom edi, degan gapidan keyin san’at va madaniyatimiz hech qachon rivojlanmay, talantlar yuzaga chiqmay o‘tib ketishining asosiy sababini angladim.

Savol tug‘iladi: Gavhar Sharipova ijod qilishga yaroqsiz bo‘lganida esda qolarli obrazlar, qahramonlar yarata olarmidi? Rollari bilan odamlar qalbida yaxshi xotiralar bilan saqlanib qolarmidi? Uning boshqalardan boshqacha ekanligini san’at ahli tan olishi, his qilishi, o‘ziga mos ish, o‘ziga mos rol taklif qilishi, hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berishi kerak emasmidi? Qolaversa, uning ruhiy nosog‘lomligi haqida birorta fakt, dalil, tibbiy ma’lumotnoma bormi? Bu jiddiy ayblov. Inson sha’niga, ayniqsa, vafot etganidan keyin, uning xotirasiga otilgan tosh zalvori, yuki og‘ir emasmi? Umuman, ruhiy nosog‘lomlarga nisbatan odamlar orasidagi stereotiplar qachon yo‘qoladi? O‘lgan insonni yaxshi xotiralar bilan xotirlash o‘rniga yoshi bir joyga borgan inson, yana u madaniyat rahbari bo‘lsa, ochiqchasiga haqoratlagandek «o‘zi ruhan nosog‘lom edi» deyishi, bemadaniyatlik belgisi emasmi?

Ha, nafaqat madaniyat sohasida, barcha sohalarda (bizning jamiyatda) inson qadri oxirgi o‘rinlarga tushib bormoqda. Qaysidir mamlakatlarda ruhan xastaligi bor odam qadrlanib, sog‘lar qatoriga qo‘shilayotgan bir paytda, bizda sog‘ odam atrofdagi xudbin odamlar tufayli ruhan kasalga aylanmoqda, aylantirilmoqda. Turli bosimlar, kamsitilishlar, bee’tiborliklar tufayli sog‘ odam ham ruhiyati ishdan chiqib, jinniga aylanmoqda.

Juda bo‘lmaganda do‘stlari tomonidan boshiga og‘ir ish tushganida unutilmoqda. Gavhar Sharipovaning dugonasidek, (agar dugona deb hisoblaydigan bo‘lsak) ko‘chaga haydamoqda.

Amanda Bayns shizofreniya bilan xastalangan. Ammo u xorijda o‘z mavqeiga ega mashhur va sevimli kinoyulduz. Men Gavhar Sharipovaning Amandadek xorijda tug‘ilmaganiga afsuslanaman. Gavhar agar chet elda tug‘ilganida ketma-ket «Oskar» sovrindori bo‘lgan amerikalik kino aktrisa va prodyusser Vaynona Rayderdek yulduzlik darajasiga chiqarmidi. Chunki chet elda ozgina tushkunligini ham bo‘rttirib ruhiy nosog‘lomga chiqaradigan dugonalar va madaniyat vazirlari bo‘lmasdi har holda. Essiz inson, essiz talant va essiz madaniyat vaziri degan maqom...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring