Bir paytning o‘zida uch erkakka OIV yuqtirgan ayol ushlandi
OIV infeksiyasi tashuvchisi bo‘lgan ayol Buxoroda bir nechta fuqarolarning hayotini xavf ostida qoldirdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qildi.
Andijon viloyati Marhamat tumanida doimiy ro‘yxatda bo‘lgan 21 yoshli Q.S. ismli ayol Buxoro shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida vaqtincha ijarada yashab kelgan. Yengil tabiatli ayol o‘zining yurish-turishlari bilan bir necha bor qo‘ni-qo‘shnilarning xotirjamligini buzib kelgan.
Q.S. joriy yilning 12-13 mart kunlari Romitan tumani hududida joylashgan cho‘l zonasida 3 nafar erkaklar bilan bir necha marotaba jinsiy aloqada bo‘lgan.
Oradan bir necha kun o‘tgach, 3 nafar fuqarolardan biri o‘zida isitmalash va holsizlik sezgan va shifokorga murojaat qilgan. Erkakda OIV infeksiyasi yuqtirgani tashxisi qayd etilgan.
Holat yuzasidan zudlik bilan surishtiruv harakatlari boshlangan. Fuqaro bir necha kun ilgari andijonlik ayol bilan ishqiy munosabatda bo‘lganini bildirgan. Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida Q.S.ning vaqtincha yashash manzili va shaxsi aniqlangan. U o‘zida mavjud infeksiyani bir paytning o‘zida uch nafar erkakka yuqtirgani ochiqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, Q.S. 2018-yil 18-may kunidan buyon Andijon viloyati OITSga qarshi kurashish Markazi tomonidan OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lgan. Unga boshqa shaxslarga OIV infeksiyasini yuqtirgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida tegishli tartibda ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, u o‘zidagi kasallikni boshqa shaxslarga qasddan yuqtirish jinoyatini sodir qilgan.
Hozirgi kunda Q.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasi (Tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
«Ayolning yana qayerda, kimlar bilan yaqin munosabatlarga kirishganligi, qabohat urug‘ini qasddan yana kimlarga yuqtirgan bo‘lishi mumkinligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda»,— deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter