JSST dunyoda OIV epidemiyasi eng tez o‘sayotgan mintaqa nomini ma’lum qildi: bu – Afrika emas
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida keltirilishicha, Dunyoda eng tez rivojlanayotgan OIV epidemiyasi Yevropa mintaqasida qayd etilgan. Bu haqda 1-dekabr kuni JSST Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge ma’lum qildi.
JSST rasmiy saytida e’lon qilingan hisobotda Klyuge Yevropada kasallanishning ortib borayotganini «taqdirning sho‘ri»deb atagan, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning boshqa mintaqalariga nisbatan rivojlangan Yevropada OIVga qarshi kurashning barcha vositalari mavjud, lekin shunga qaramay aholi orasida kasallanish ko‘rsatkichlari o‘sib bormoqda.
Ta’kidlanishicha, Yevropa mintaqasida 50 foiz OIV yuqtirgan bemorlarga kech tashxis qo‘yiladi, bunga esa ularning uzoq vaqt davomida shifokorlarga murojaat qilmagani, o‘z vaqtida yordam so‘ramagani sabab bo‘ladi. Hisobotda bu tendensiya so‘nggi o‘n yil ichida kuzatilayotgani keltirilgan.
Shuningdek, Kluge Yevropaning bir qancha mamlakatlarida OIVdan o‘lim darajasi juda yuqori ekani, ammo boshqalarida virusning yuqishi deyarli to‘xtaganini bildirgan. Biroq, u aniq raqamlar va mamlakatlarni tilga olmagan.
Qayd etish kerakki, JSST tasnifiga ko‘ra, Yevropa mintaqasi nafaqat Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, balki Rossiya, Armaniston, Gruziya, Islandiya, Isroil, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston kabi davlatlarni ham o‘z ichiga oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter