Xitoyda xunrezlik: qassob pichoq bilan xaridorlarga tashlandi
Bugun, ya’ni 14-iyul kuni Xitoy shimoli-sharqida Lyaonin provinsiyasi Shenyan shahridagi supermarketlardan birida go‘sht mahsulotlari xodimi xaridorlarga pichoq bilan hamla qildi. Natijada ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi, yetti kishi yaralandi, deyiladi mahalliy politsiya bayonotida.
Xabarlarga ko‘ra, hodisa mahalliy vaqt bilan 09:50 (Toshkent vaqti bilan 04:50)da Dadun tumanidagi supermarketda sodir bo‘lgan. Go‘sht mahsulotlari bo‘limining Tyan familiyali 61 yoshli xodimi U familiyali xaridor bilan cho‘chqa go‘shti ustida janjallashib qolgan. Nizo paytida do‘kon xodimining qo‘lida pichoq bo‘lgan. U xaridorni pichoqlab qo‘ygan, oqibatda u voqea joyida jon bergan.
Shundan so‘ng hujumchi jinoyat joyidan qochishga qaror qilgan. U yo‘lida duch kelgan yana sakkiz kishiga pichoq bilan tashlangan, ulardan biri ham hayotdan ko‘z yumgan. Jarohatlangan yetti nafar kishi shifoxonaga olib borilgan.
Jinoyatchi hanuzgacha qo‘lga olinmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter