Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoyda bog‘cha bolalarini zaharlagan tarbiyachi o‘lim jazosiga hukm qilindi

Xitoyda bog‘cha bolalarini zaharlagan tarbiyachi o‘lim jazosiga hukm qilindi

Foto: «News.yandex.ru»

Xitoy Xenan provinsiyasi Szyaotszo shahar xalq sudi bolalarni zaharlagani uchun bog‘cha tarbiyachisini o‘lim jazosiga hukm qildi, deb yozadi «RIA Novosti».

Ayblanuvchi Van Yun «Menmen» bolalar bog‘chasida ishlayotganda Sun familiyali o‘rta guruh tarbiyachilaridan biri bilan janjallashib qolgan. Ayol hamkasbidan o‘ch olishga qaror qilgan va eng jirkanch usulni tanlagan. 2019-yil 27-mart kuni ertalab Sun guruhidagi bolalarning bo‘tqasiga natriy nitritni sepib qo‘ygan. Oqibatda 25 ta bola zaharlanib shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan bittasi sal keyinroq shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Van Yun muammolarini hal qilish uchun natriy nitritdan birinchi marta foydalanmayotgani aniqlandi. 2017-yilda ayol turmushdagi muammolar tufayli eri bilan urishib qolgan. Undan qasos olish niyatida Van Yun 2017-yil fevralda internet orqali natriy nitritni xarid qilib, bir stakan suvga aralashtirib, eriga ichirgan. Turmush o‘rtog‘i zaharlangan, lekin organizmida jiddiy asoratlarga olib kelmagan.

Sudning ta’kidlashicha, ayol natriy nitrit odamlar uchun xavfli ekanligini yaxshi bila turib, o‘ch olish maqsadida uni ikki bor qo‘llagan. Van Yun ko‘pgina bolalar zaharlangan bo‘tqani yeyishini yaxshi bilgan, shunga qaramay, qabih rejasidan qaytmagan.

Sud Van Yunning jinoiy vajlari «jirkanch» ekanligini, jinoyatni sodir etish usullari jiddiy oqibatlarga olib kelganini va u qonunga binoan qattiq jazolanishi kerakligini ma’lum qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring