Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy kutubxonalari taassurotlari: yozma merosni saqlash va ommalashtirish

Xitoy kutubxonalari taassurotlari: yozma merosni saqlash va ommalashtirish

Yaqinda Xitoyning Nankin shahrida Ipak yo‘li xalqaro kutubxonalar alyansi bo‘lib o‘tdi. Xitoy Milliy kutubxonasi tomonidan o‘tkazilgan «Kutubxonalarning madaniy merosi va barqaror rivojlanishi» mavzucidagi ushbu xalqaro anjumanda O‘zbekiston, Bangladesh, Vetnam, Laos, Eron, Malayziya, Mongoliya, Myanma, Rossiya, Singapur, Tailand, Yamayka, Trinidad va Tobago kabi mamlakatlardan 24 ta xorijiy va 41 ta mahalliy kutubxona rahbarlari ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: Ipak yo‘li xalqaro kutubxonalar alyansi (SRILA)ga hozirda 49 ta davlat a’zo hisoblanadi.

Konferensiyaning asosiy mavzusi kutubxonalarda saqlanayotgan madaniy merosni asrash, restavratsiya va konservatsiya ishlarini tashkil etish, manbalarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt yordamida kitobxonlarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishning yangi shakllarini joriy qilish orqali ma’lumotlarni uzoq muddat saqlash masalalariga bag‘ishlandi. «O‘zbekistonning yozma merosi: manbalarni saqlash va ommalashtirish sari» mavzusidagi taqdimotimizda mamlakatimizda saqlanayotgan yozma madaniy meros, YuNESKOning Jahon xotirasi dasturiga kiritilgan manbalar, O‘zbekiston Milliy kutubxonasidagi nodir nashrlar, ularni saqlash, konservatsiya va restavratsiya jarayonlari hamda ularni keng ommaga tanitish ishlari xorijiy ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, 1909 yilda asos solingan Xitoy Milliy kutubxonasi dunyodagi eng yirik kutubxonalardan biri – bugungi kunda 44 million nusxadan ziyod fondga ega. Bunday ulkan ma’naviy xazinaning saqlanishi, raqamlashtirilishi va zamonaviy axborot tashuvchilarda foydalanish imkoniyatlari borasidagi tajribalarni o‘zlashtirish bizning kitobxonlik tizimimiz rivojida ham muhim o‘rin tutadi.

Shuningdek, Nankin shahrida joylashgan va 12,4 million fondga ega Nankin ommaviy kutubxonasi ham Xitoyning milliy madaniy merosini asrab-avaylash va kitobxonlar uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratish borasida yetakchi maskanlardan. Nankin ommaviy kutubxonasi hamda Pekindagi Milliy kutubxona faoliyati bilan tanishish asnosida guvoh bo‘lganimiz: har ikki kutubxona faoliyatida ham bosma kitoblar o‘qishga e’tibor hech qachon so‘nmagan. Kitobxonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, kutubxona tartib-qoidalariga rioya qilish, kutubxonachilarning kasbiy nufuzi yuqori darajada saqlanmoqda.

Safar davomida kutubxonalarning axborot-resurs bazasi, intellektual xizmat ko‘rsatish, nodir asarlarni saqlash va tiklash laboratoriyalari bilan tanishish orqali yana bir bor kitob va kutubxona millat tafakkuri, ma’naviyati ekanligini his qildik.

                                                                                                                              Umida Teshabayeva,

Alisher Navoiy nomidagi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring