Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro sud prokurori Isroilni ogohlantirdi

Xalqaro sud prokurori Isroilni ogohlantirdi

Isroil tomonidan qamal ostidagi G‘azo aholisiga gumanitar ko‘mak yetkazishga to‘sqinlik qilinishi Jeneva konvensiyasiga muvofiq Xalqaro jinoiy sud vakolatidagi harbiy jinoyat deb topilishi mumkin. Bu haqda Xalqaro jinoiy sud prokurori, britaniyalik Karim Xon mintaqa bo‘ylab safari davomida Misrda o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirgan.

«Men Misr chegarasi – Rafahda gumanitar ko‘mak ortilgan yuk mashinalari keraksiz matohdek tizilib turganiga guvoh bo‘ldim. Ko‘mak yuklari hayallamay G‘azodagi tinch aholiga yetib borishi shart», – degan Karim Xon. 

Prokuror Isroil xalqaro gumanitar huquq talabiga ko‘ra G‘azodagi tinch aholi vakillarini oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlashga g‘ov bo‘lmasligi kerakligini uqtirgan.

«HAMAS bilan urush olib borayotgan Isroilning aniq majburiyatlari bor, ular shunchaki axloqiy emas, balki huquqiy majburiyatlardir (urush vaqti rioya qilish lozim bo‘lgan konvensiyalar, qonunlar). Ayni choqda, bu tamoyillar Isroil tomon saralovsiz o‘q va raketa otayotgan HAMASga ham daxldor», – degan xalqaro mahkama prokurori.

Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoda harbiy amaliyot boshlagan va mintaqadagi 2,3 million aholini oziq-ovqat, suv, dori-darmon, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum qilgan.

BMT yetakchiligidagi xalqaro tashkilotlar G‘azo gumanitar inqirozga yuz tutgani, vaziyat o‘ta xatarli ekani haqida bong urmoqda.

Hozirga qadar Misrning Rafah chegara posti orqali G‘azoga bir necha o‘n mashinada gumanitar ko‘mak kiritilgan. Ammo bu qamaldagi aholi ehtiyojlari uchun «dengizdan bir tomchi» deb baholangan.

Qohira Isroil gumanitar ko‘mak mashinalarini to‘liq o‘tkazishga ruxsat bermayotganini ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Rim statuti asosida tashkil etilgan Xalqaro jinoiy sud 2021 yildan buyon Falastinning ishg‘ol ostidagi hududlarida so‘nggi 10 yil davomida sodir etilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi huquqbuzarliklarni taftish etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring