Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Isroil rahbariyatini “shokka tushiruvchi” qaror qabul qilgani aytilmoqda

Tramp Isroil rahbariyatini “shokka tushiruvchi” qaror qabul qilgani aytilmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp Falastin davlatini tan olish haqida qaror qabul qilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Isroilning “The Jerusalem Post” nashri Ko‘rfaz davlatlaridagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Tramp Falastin davlatini tan olish qarorini joriy yil may oyi o‘rtalarida Yaqin Sharqqa tashrifi davomida e’lon qilishi aytilmoqda.

Saudiya Arabistoni poytaxti Riyoz shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitda AQSh prezidenti Ko‘rfaz arab davlatlari yetakchilari bilan uchrashadi.

“Amerika yetakchisi Falastin davlatini tan olish haqida bayonot bergudek bo‘lsa, ushbu muhim qaror Yaqin Sharqda kuchlar nisbatini o‘zgartiradi va “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shiladigan davlatlar soni ham ortadi”, – degan “The Jerusalem Post” manbasi.

BMTning rezolyusiyalari hamda xalqaro huquqning boshqa hujjatlariga muvofiq Falastin davlati tashkil etilishi kerak edi. Ammo Isroil ma’muriyati o‘nyilliklar mobaynida mustaqil Falastin davlati tuzilishiga qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashib kelmoqda. Jumladan, 2024 yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilingan.

Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi.

Ma’lumot o‘rnida, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham rasmiy Parij yaqin muddatda Falastinni davlat sifatida tan olishini ma’lum qilgan.

Vashington mintaqadagi ziddiyat ikki davlat tamoyili asosida hal etilishini aytib kelsa-da, amalda Tel-Avivning Falastin davlatini tuzishga qarshi harakatlarini dastaklaydi. Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish yo‘lidagi urinishlari ham AQSh tomonidan bir necha bor yo‘qqa chiqarilgan. 2024 yil aprel oyida BMT Xavfsizlik kengashida Falastinning BMTga to‘laqonli a’zoligi to‘g‘risida rezolyusiya loyihasi ham birgina AQSh qarshiligi ortidan bekor bo‘lgandi.

Tramp ma’muriyati Falastin davlatini tan olgudek bo‘lsa, Isroilning pozitsiyasi zaiflashishi mumkin. Shunga ko‘ra tahlilchilar bu qadam Isroil rahbariyatini “shokka tushiradi” deb hisoblamoqda.

So‘nggi vaqtlarda AQSh va Isroil ma’muriyati munosabatlari biroz sovuqlashgani kuzatilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning aprel oyi boshida Vashingtonda prezident Donald Tramp uchrashuvi diplomatik muvaffaqiyatsizlik deb baholangandi. O‘shanda Netanyahu Trampga Eron, Turkiya kabi masalalarda ta’sir ko‘rsata olmagan.

Ayni vaqtda Oq uy Netanyahu ma’muriyatiga HAMAS bilan bitim imzolash borasida bosim o‘tkazayotgani aytilmoqda. “The Times of Israel” gazetasi yozishicha, Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff agar Isroil AQSh talabini qabul qilmasa, “yolg‘iz qolishi”dan ogohlantirilgan.

Ammo ayrim tahlilchilar kayfiyati bahor havosi kabi o‘zgaruvchan Trampning Falastin davlatini tan olishiga shubha bilan qaramoqda. Yana bir guruh tahlilchilar esa Tramp Falastin davlatini tan olgan taqdirda ham Isroilni hech qachon yolg‘iz qoldirmasligini urg‘ulamoqda. Ularga ko‘ra, tarixan juda yaqin munosabatda bo‘lgan Vashington va Tel-Aviv o‘rtasidagi sovuqchilik vaqtinchalik holat va AQSh Isroilni harbiy, iqtisodiy va geosiyosiy jabhada dastaklashda davom etadi.

Tramp avvalroq G‘azo sektori aholisini qo‘shni davlatlarga ko‘chirishni taklif etgan, hatto mintaqani “ko‘chmas mulk” deb iddao qilgan edi.

Bu ham AQSh rahbarining Falastinga samimiy ko‘mak berishi haqidagi farazlarni shubha ostiga qo‘yadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring