«Tramp devori» qulay boshladi
Kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning buyrug‘iga binoan Amerika bilan Meksika chegarasida o‘rnatilgan devor qismlari yuvilib keta boshladi. Bu haqda 24-avgust kuni «Metro» xabar bergan.
Yog‘ingarchiliklar metall panellarining ustundan qulab tushishiga sabab bo‘lgan. Natijada Arizona janubidagi to‘siqning bir qismida bo‘shliqlar yuzaga kelgan.
Bundan tashqari, 17-avgustda shtatda sodir bo‘lgan «tarixiy toshqin» devorga loy va siniqlarni olib keldi. Boshqa joylar shikastlangan, darvozalar suv ostida qolgan.
AQSh bojxona va chegara xizmati vakili devorning yuvilishi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Unga ko‘ra, chegara qo‘riqchilari zararni baholash va zarur ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.
20-yanvarda AQSh prezidenti Jo Bayden o‘zining inauguratsiya kuni Meksika bilan chegarada devor qurilishini to‘xtatish va u yerda 2019-yildan buyon amalda bo‘lgan favqulodda tartibni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.
Fevral oyida Bayden devorni moliyalashtirishni to‘xtatdi va shu maqsadda ajratilgan «barcha resurslarni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqishni» so‘radi.
Noqonuniy immigratsiyaning oldini olish uchun Meksika bilan chegarada devor qurish Trampning saylovoldi va’dalaridan biri bo‘lgan. 2019-yil fevral oyining o‘rtalarida u rejalarini amalga oshirish uchun 6,4 milliard dollarga yaqin mablag‘ olish maqsadida favqulodda tartibni joriy etdi. Lekin Trampning Kongressdagi muxoliflari devor uchun atigi 1,4 milliard dollar ajratishga rozi bo‘lishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter