Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tarsaki yegan prezidentlar – Emmanuel Makron bu borada yolg‘iz emas...

Tarsaki yegan prezidentlar – Emmanuel Makron bu borada yolg‘iz emas...

Makron iqtisodiyot vaziri bo‘lgan 2016 yilda ham “tuxumbo‘ron” qilingan edi. Foto: “AFP”

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning mamlakat janubi-sharqiga safari chog‘i ko‘ngilsizlik ro‘y berdi. Ten L’Ermitaj kommunasida aholi bilan uchrashuv payti kutilmaganda panjara ortidagi erkak «Makronizm daf bo‘lsin!» deya hayqirib, davlat rahbariga tarsaki tortib yubordi. Ushbu holat aks etgan video internet tarmog‘ida yashin tezligida tarqaldi. Jumladan, «Xabar.uz» ham uni e’lon qildi.

Albatta, Fransiya prezidenti xavfsizlik xizmati xodimlari darhol boyagi shaxsni qo‘lga olishdi. Ammo g‘isht allaqachon qolipdan ko‘chgan, davlat rahbari noqulay vaziyatda qolgan edi. Siyosiy yetakchilarning tansoqchilari har qancha hushyor, har qancha sergak bo‘lmasin, bu kabi favqulodda holatlar ro‘y berib turadi. Quyida prezidentlar bilan bog‘liq ayrim ko‘ngilsiz holatlarni yodga olib o‘tamiz.

So‘z avvalida aytish kerakki, Emmanuel Makron siyosiy karerasi mobaynida omma noroziligiga bir necha marta ro‘baro‘ kelgan. 2017 yili hali prezidentlikka nomzod bo‘lgan kezlari Parijda qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida qatnashayotgan Makronga tuxum otishgan. «Ayrim masalalar bo‘yicha xilma-xil fikr aytsangiz, tuxum uloqtirishga tushishadi... Bu Fransiya siyosiy hayotining tarkibiy qismi, hamisha shunday bo‘lgan», – degan u o‘sha ko‘ngilsizlikni izohlar ekan. Darvoqe, Makron 2016 yili iqtisodiyot vaziri lavozimida faoliyat yuritgan vaqtda ham poytaxt yaqinidagi shaharchada «tuxumbo‘ron» qilingan.

AQSh prezidenti Jorj Bush (2001-2009) 2008 yil dekabr oyida Iroqqa qilgan safarini bir umr unutmasligi aniq. Chunki o‘shanda nafaqat Bush, balki dunyo jamoatchiligi yodida qolgan janjalli voqea ro‘y bergan. Bag‘dodda tashkil etilgan matbuot anjumanida mahalliy jurnalist Muntazar az-Zaydiy Iroqdagi urush va xunrezliklarga norozilik ifodasi sifatida Oq uy sohibiga o‘z oyoq kiyimini uloqtirgan. Muntazar az-Zaydiy huquqbuzarlik sabab muayyan muddatga qamalgan, albatta, ammo aksar iroqliklar uni qahramon o‘laroq qabul qilgan.

Iroqlik jurnalist Muntazar az-Zaydiy AQSh rahbari Jorj Bushga poyabzal otayotgan kadr.

Turli yillarda to‘rt marta Italiya hukumatini boshqargan siyosatchi hamda ishbilarmon Silvio Berluskoni 2009 yilning dekabrida favqulodda hodisa sabab jiddiy jarohatlangan. Milan shahrida tashkil etilgan miting payti 42 yoshli Massimo Tartalya ismli shaxs bosh vazirga qarata og‘irgina statuetkani otgan. Oqibatda Berluskonining burni jarohatlangan, ikkita tishi sinib tushgan. Keyinroq bezori ruhiy xastalar ro‘yxatida turishi ma’lum bo‘lgan.

Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi (2007-2012) ham 2011 yilda shunday holatga duch kelgan. Yelisey saroyi sohibi ko‘p sonli aholi bilan uchrashuvga kelgan paytda Erman Fyuste ismli shaxs uning pidjagi yoqasiga yopishgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, E.Fyuste Fransiyaning Liviyada harbiy operatsiyalar olib borayotganiga norozilik ifodasi o‘laroq shunday yo‘l tutgan. Prezidentning yoqasidan olgan shaxs yarim yil shartli qamoqqa hukm qilingan.

Germaniya prezidenti Kristian Vulfning (2010-2012) 2011 yil aprel oyida mamlakat bo‘ylab safari chog‘i ham ko‘ngilsizlik ro‘y bergan. 48 yoshli shaxs prezident va uning yonidagi Hessen federal yeri bosh vazirini «tuxumbo‘ron» bilan siylagan. «Prezidentning kiyimi rasvo bo‘ldi, ammo uning o‘zi tetik kayfiyatda», deya bayonot bergan edi davlat rahbari ma’muriyati o‘shanda. Qarangki, ushbu dilxiralikdan ko‘p o‘tmay prezident Vulfga qarshi g‘azna pulini talon-toroj qilish aybi ilgari surildi. Pirovardida u iste’fo berishga majbur bo‘ldi.

Germaniya prezidenti Kristian Vulf ushbu ko‘ngilsizlikdan ko‘p o‘tmay iste’fo berishga majbur bo‘lgan. Foto: “Spiegel”

Chexiya prezidenti Vatslav Klaus (2003-2013) esa bunday ham qo‘rqinchliroq holatga duch kelgan. 2012 yili Xrastav shahridagi yangi ko‘prikning ochilish marosimida 26 yoshli yigit qo‘lbola to‘pponchadan siyosatchiga qarata o‘t o‘zgan. Albatta, plastik o‘qdan prezident jiddiy jarohatlanmagan, ammo bu hol chex jamiyatida anchagina muhokamalarga sabab bo‘lgani bor gap. 

Botsvana prezidenti Yan Kxama (2008-2018) esa oddiy bezori emas, balki naq yirtqich hujumiga nishon bo‘lgan. 2013 yil harbiy bazaga tashrif payti davlat rahbari qafasdagi gepardni tomosha qilayotgan paytda darranda kutilmaganda unga hamla qilgan va yuziga jarohat yetkazgan. Prezident bir muddat yuzidagi jarohatni yashirish uchun grimchi xizmatidan foydalanishiga to‘g‘ri kelgan.

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko (2014-2019) muxoliflari tomonidan o‘ziga xos tarzda sazoyi qilingan. 2019 yili Kiyev shahrida tashkil etilgan ommaviy tadbirda ma’ruza qilgan Poroshenkoga noma’lum shaxs tuxum uloqtirgan. «Tuxumbo‘ron»dan siyosatchining rafiqasi ham aziyat chekkan.

Olomonning g‘azabidan Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov (2017-2020) ham benasib qolmagan. 2020 yil O‘sh shahridagi markaziy maydonda nutq irod qilayotgan Jeenbekovga izdihom dastlab hushtakbozlik bilan e’tiroz bildirgan. Keyin esa besh-o‘n chog‘li odam sahnaga chiqib turta-turta davlat rahbaridan mikrofonni tortib olgan.

 

                                          

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring