Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tailand sudi 65 yoshli ayolni rekord darajadagi muddatga ozodlikdan mahrum qildi

Tailand sudi 65 yoshli ayolni rekord darajadagi muddatga ozodlikdan mahrum qildi

Foto:«Reuters»

Tailand poytaxti Bangkok shahri sudi 65 yoshli Anchan Prilertni 43,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Bu mamlakatdagi rekord darajadagi qamoq muddati sanaladi. Ayol monarxiya tartibotini obro‘sizlantirishda ayblangan.

Muddat yengillashtirilmasa, ushbu jazo keksa ayol uchun umrbod qamoq bo‘lishi aniq. 40 yil davomida davlat tizimida faoliyat yuritgan sudlanuvchi pensiyadan ham mahrum etilgan.

Tailand qonunchiligiga ko‘ra, qirol, uning oilasi hamda monarxiya boshqaruvi haqida nojo‘ya fikr, haqorat uchun 3 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi. Qonunchilikdagi nozik nuqta shundaki, bu borada da’vo arizasini qirol ma’muriyati berishi shart emas, istalgan fuqaro mahkamaga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin. 

Xabarlarga ko‘ra, Anchan Prilert Facebook hamda YouTube tarmoqlarida qirol oilasi sha’niga o‘nlab tanqidiy fikrlar bildirgan. Pensioner ayol hukmdor oilani aynan nima deb haqorat qilgani ochiqlanmagan. Ammo A.Prilertning o‘zi biror izoh yozmagani, shunchaki boshqa birovlarning postini ulashganini ma’lum qilgan.

«A.Prilert ishi» oz emas, naqd 6 yil davomida tergov qilindi. Ushbu muddatning asosiy qismini ayblanuvchi qamoqda o‘tkazdi.

«Mazkur hukm monarxiya nafaqat tanqidga toqat qilmasligi, balki buning uchun favqulodda shafqatsiz jazo tayinlashini ko‘rsatmoqda. Tailand hukumati monarxiyani haqoratlash haqidagi qonundan qiroldan konstitutsiya maromlariga rioya qilishni talab etayotgan demokrat yoshlar harakatini bostirish maqsadida foydalanmoqda. Bu ketishda mamlakatdagi siyosiy vaziyat battar yomonlashadi», – deydi Amnesty International tashkiloti vakili Sunay Pxasuk.

2017-yilda esa 34 yoshli sotuvchi internetda monarx oilasini haqorat qilishda ayblanib 35 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Tailand – Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasida joylashgan konstitutsion monarxiya tuzumidagi davlat. Ammo saylanuvchi davlat mansablariga qaraganda qirolning vakolatlari ko‘proq. Mamlakatni 70 yil davomida (1946-2016) idora etgan Pxumipon Adulyadet Rama IX 2016-yilda vafot etgach, taxtga uning o‘g‘li Maxa Vachiralongkorn Rama X chiqdi. Yangi hukmdor hashamat va dabdabaga o‘chligi bois allaqachon jamoatchilik mehr-muhabbatidan mahrum bo‘ldi. Xususan, 68 yoshli qirol kovid pandemiyasini Bavariyadagi muhtasham mehmonxonada 120 kishilik xizmatchilar bilan o‘tkazgani «vabo paytdagi ziyofat» o‘laroq baholandi. Zotan, 66 million nufusli mamlakatda kambag‘al qatlam ko‘pchilikni tashkil etadi. 2020-yil iyul oyidan beri qirollikda yoshlar va talabalar «Yo‘qolsin feodalizm!» shiori ostida ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazib kelmoqda. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring