Myanmadagi zilzila qurbonlari soni 1000 nafardan oshdi

Myanmaning markaziy qismidagi Mandalay shahrida sodir bo‘lgan 7,7 magnitudali kuchli zilzila oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘ldi. Yerosti silkinishlari qo‘shni Tailanddagi Bangkokgacha ham sezilgan.
Myanmada kuchli zilzila 1000 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi va rasmiylar qurbonlar soni sezilarli darajada oshishi haqida ogohlantirmoqda.
«O‘lganlar va jarohatlanganlar soni ortishi kutilmoqda», – dedi Myanma harbiy qo‘mondoni, katta general Min Aung Xlaing.
Zilzila oqibatida yuzlab odamlar bedarak yo‘qolgan, 2400 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Tailand poytaxti Bangkokda epitsentrdan 1330 km janubi-sharqda qurilayotgan ko‘p qavatli binoning qulashi oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi. Rasmiylar, shuningdek, uchta qurilish maydonchasida o‘ndan ortiq odam turli darajada jarohatlangani va 100 dan ortiq odam bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi.
AQSh Geologiya xizmati Myanmadagi zilzilalar qurbonlari soni 10 mingdan oshishi mumkinigini aytmoqda.
Zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda qonga talab ortgan. Min Aung Xlaing Myanma xorijdan yordam olishga tayyorligini aytdi.
BMT birinchi yordam uchun allaqachon 5 mln dollar ajratgan. AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni Vashington ham zilziladan jabr ko‘rgan hududlarga yordam berishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Biroq ba’zi ekspertlar uning ma’muriyati tashqi yordamni keskin qisqartirganidan xavotirini bildirgan.
Bir qancha davlatlar, jumladan Malayziya, Rossiya va Xitoy jabrlangan hududlarga qutqaruvchilarini yuborgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter