Shahzoda Garrining rafiqasi qirollik oilasini irqchilikda aybladi
Kaliforniyada istiqomat qilayotgan britan shahzodasi Garri va rafiqasi, aktrisa Megan Markl amerikalik taniqli teleboshlovchi Opra Uinfriga katta intervyu berishdi.
Intervyudan ma’lum bo‘lishicha, ular Britaniya qirollik oilasida irqchilikka to‘qnash kelishgan. Marklning aytishicha, oila a’zolaridan biri undan tug‘ilajak bolasining rangi qay darajada qora bo‘lishini so‘ragan. Gap shundaki, Megan Marklning onasi qora tanli. Aktrisa aynan kim bu savolni berganini aytishni ep ko‘rmadi.
Aktrisaning aytishicha, uning o‘g‘li Archiga hech qanday maqom berilmagan, buning hech qanday ahamiyati yo‘qligini ta’kidlagan ona bolasi munosib qo‘riqchilar bilan ta’minlanishini istashini aytdi.
Shahzoda Garri esa qirolicha Yelizaveta II bilan munosabatlari juda yaxshiligini, biroq otasi, shahzoda Charlz bilan uncha chiqishmasligini yashirib o‘tirmadi. Akasi Uilyam bilan esa, aytishicha, «yo‘llari boshqa-boshqa».
Yosh oila «Netflix» va «Spotify» bilan shartnomalar tuzganidan so‘ng qirollik oilasi ularni moliyaviy qo‘llashni to‘xtatgan edi. Shahzodaning aytishicha, hozircha puli bor — onasi, marhum malika Diana meros qoldirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter