Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sevimli mashg‘uloti qirolichaga 100 million daromad keltirdi

Sevimli mashg‘uloti qirolichaga 100 million daromad keltirdi

Foto: «Mulino58.ru»

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II pochta markalari kolleksiyasining sharofati bilan 100 million funt sterling (135 million AQSh dollari) daromad qildi. Bu haqda 16 dekabr kuni «Daily Mirror» nashri xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, qirolicha bir necha o‘n yillardan buyon marka to‘plash bilan shug‘ullanib keladi. U noyob nusxadagi markalarni izlab topishga muvaffaq bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, Londondagi Sent-Jeyms saroyidagi «xazina»da Yelizaveta II tomonidan to‘plangan 300 ga yaqin albom va 200 quti marka mavjud.

Qirollik kolleksiyasining asosiy ramziga aylangan «Moviy Mavrikiy» dunyodagi eng qimmatbaho markalardan biri sanaladi. U 1847-yilda, o‘sha paytlarda Britaniya imperiyasi tarkibiga kirgan Mavrikiy orolida bosilgan. Ushbu nusxa Yelizaveta ikkinchiga XX asr boshlarida Buyuk Britaniyani boshqargan bobosi qirol Jorj V dan meros bo‘lib qolgan. U markani 1904-yilda kim oshdi savdosida 1450 funtga sotib olgan. Yuz yildan so‘ng uning narxi 2 million funt sterlingni tashkil etgan.

Qirolicha Yelizaveta II vaqti-vaqti bilan kolleksiyasidagi markalarni sotuvga chiqarib turadi va bundan tushgan pullarni kolleksiyasini to‘ldirishga sarflaydi. Jumladan, 2001-yilgi savdo paytida u 200 ta markasini jami 750 ming funt sterlingga sotdi. Pulning bir qismini «Qora penni» deb nomlanuvchi tarixdagi ilk 10 ta pochta markasidan iborat to‘plamga sarfladi. Ular 1840-yilda chiqarilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring