«San’at siyosatga qarshi»: Albaniyada ham «snos» muammosi (video)
«Agar elektrni o‘chirishsa, generatorni yoqamiz» — Albaniya Milliy teatri himoyachilari tok o‘chirilsa, sahnani shu tarzda yoritishmoqchi. Ammo aktyorlarning bundan ham katta muammosi bor. Ular hukumatning 1939-yilda qurilgan teatr binosini buzib tashlab, o‘rnida osmono‘par binolar qurish rejasiga ham qarshi kurashishyapti, deyiladi «Euronews» xabarida.
«Loyihani oshkora ovozga qo‘ymasdan tasdiqlashgan. Aktyorlar va fuqarolarning tuyg‘ulari esa hech kimni qiziqtirmagan. Shuning uchun ham biz o‘z demokratiyamizni himoya qilish, biznesmenlar bilan bir taraf bo‘lib olgan korrupsiyalashgan siyosatchilarga qarshi kurashishga majburmiz».
Kastriot Chipi,
teatr direktori
Bir necha haftadirki, faollar guruhi tarixiy binoni egallab olgan. Hukumat vakillari bilan to‘qnashuvlar ham yuz berdi.
Teatrda haftasiga uchtadan spektakl beriladi: norozilik aksiyasi qatnashchilarini qo‘llab turgan yagona moliyaviy manba shu.
«Ularning zo‘ravonligiga biz san’at bilan javob qaytaramiz. Bu teatrning siyosatga qarshi bosh quroli».
Taulanda Yupi,
Tirana universiteti
Hukumat bayonotiga ko‘ra, eski bino sog‘liq va xavfsizlik talablariga javob bermaydi. Yozda — issiq, qishda — sovuq. Ko‘plab san’at namoyandalari teatr uchun yangi bino qurilishini qo‘llamoqda.
«Aksiya qatnashchilari binoning o‘zini emas, balki uning tarixini himoya qilishayotganini aytishmoqda. Albaniya natsistlardan ozod etilganidan so‘ng kommunistlar ilk sudlarni shu yerda o‘tkazishgan», — deb yozmoqda «Euronews» muxbiri Jek Perrok.
Isyonchilarning nazarida yangi bino qurish shunchaki bahona, buni pulni «yuvish» uchun o‘ylab topishgan. Aks holda buzish va qurish loyihasi shaffof o‘tkazilgan bo‘lardi, deyishmoqda ular.
Albaniya bosh vaziri Edi Rama esa nega odamlar jazavaga tushayotganini tushunmadi.
«Loyihani o‘rgangan Yevropa komissiyasidagilar tanlov o‘tkazish kerakligini aytishdi. Biz tanlovni o‘tkazdik. Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi...».
Edi Rama,
Albaniya bosh vaziri
Hozircha tomonlar dialogga shay emasligini ko‘rsatmoqda. Ammo ertami-kechmi — baribir parda tushiriladi va Milliy teatr taqdiri hal bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter