Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Teatr va rassom» ko‘rgazmasi: «Shohnoma»dan to «Mehrobdan chayon»gacha...

«Teatr va rassom» ko‘rgazmasi: «Shohnoma»dan to «Mehrobdan chayon»gacha...

Kuni kecha Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida «Teatr va rassom» ko‘rgazmasi ochildi. Unda institutning «Teatr bezagi rangtasviri» kafedrasi professor-o‘qituvchilarining asarlari, bitiruvchilarning malakaviy diplom ishlari taqdim etildi.

  

«Spektakl namoyishiga kelgan tomoshabin unda jonlanuvchi voqea  muhitini sahna bezaklari, dekoratsiya, libos va grim kabi ifodaviy vositalar orqali his etadi, anglaydi. Shu bois, zamonaviy teatr san’atini bugun sahna musavvirlarining faoliyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Aynan shu ko‘rgazma orqali ustoz va shogirdning bog‘liqligi, rassom va san’atshunos o‘rtasidagi tandemni ko‘rsatmoqchi bo‘ldik», deydi ko‘rgazma tashkilotchisi, san’atshunos Xurshida Xayitboboyeva.

Darvoqe, rassomning asosiy vazifasi rejissyor g‘oyasini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq bo‘lib, bu jarayonda spektaklning mavzusi, badiiy-g‘oyaviy konsepsiyasiga tayanib ish ko‘radi. U avvalo pesa bilan tanishib chiqib, rejissyor bilan muloqot qiladi va shu asosda bo‘lajak spektaklning eskizlarini yaratishga kirishadi. Bunda ssenografiya imkoniyatlaridan oqilona foydalanish muhim ahamiyatga ega.

Ko‘rgazmada iqtidorli talabalarning o‘ttizga yaqin ishlar orasida «Shohnoma», «Mehrobdan chayon», «Iskandar devori», «Jinnixonadagi farishtalar» kabi asarlar uchun ishlangan sahna eskizlari, dekoratsiya va rangtasvir asarlari borligi tomoshabinlarni befarq qoldirmaydi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston xalq rassomi, professor B. Nazarov, O‘zbekiston san’ati arbobi, professor Sh. Abdumalikov yangi ijodiy loyihaning amaliy ahamiyati, yosh san’atshunoslar va rassomlar hamkorligining ijobiy natijalari haqida fikr bildirishdi.

Fotima Turdaliyeva,

San’at jurnalistikasi yo‘nalishi talabasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring