Teatrdagi noyob kasb egasining bir kuni (video)
Gulbahor Abdullayeva,
O‘zbek Milliy akademik drama teatrining faxriy xodimi.
Suflyor.
«Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni mukofoti sohibasi.
Teatrda katta-kichik kasb egasi yo‘q. U yerda faqat fidoyilar bo‘ladi! Teatr odami bo‘lmoqlik esa, qismat!
Teatrda bir noyob kasb borki, bu – suflyorlik. U doim parda ortida, sirli ijod qiladi, tomoshabin uni payqamaydi ham. Lekin spektaklni uningsiz tasavvur etish mushkul.
Tanishing, Gulbahor Abdullayeva! Suflyor!
Kelasi yil uning teatrdagi faoliyatiga 40 yil to‘ladi.
Teatr uning hayotiga, u esa teatrning qadrdoniga aylangan.
Bu insonni teatrning azaliy, muqaddas qadriyatlarini bugungi kun zamonaviy teatriga olib o‘tayotgan ko‘prikka qiyosladim... Ha, teatrda shunday insonlar bor ekan, shunday insonlar ijod qilar ekan, teatr doim tirikdir!
U bizni bir kunlik ish kunini kuzatishga taklif etar ekan, hikoyasini shunday boshladi:
— Eslayman, ilk bor teatrga 6 yoshimda borganman. Bu «Hamza» nomidagi Akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri)ning avvalgi binosi edi. Tog‘am o‘sha teatrda sahna ustasi bo‘lib ishlardilar. O‘sha kuni «Boy ila xizmatchi» spektaklini ko‘rganman. Yayra Abdullayeva Jamilani, Shukur Burhonov esa G‘afurni ijro qilishgan. Ulg‘aygach, ularning kimligini, atoqli artistlar ekanligini keyin bilganman.
Keyinchalik ham, onam – Karimaxon opa shu teatrning garderob qismida ishlaganliklari uchun ularga ergashib, teatrga ko‘p kelib turardim. Talabalik paytim o‘qishdan keyin onamga qarashardim.U paytda spektakllar soat yetti yarimda boshlanardi.
Teatrga 1985 yilda ishga kelganman. Dastlab «Pardozxona» bo‘limida pardoz ustasi – Valentina Abduqunduzova qo‘llarida tajriba orttirdim. Vaqt o‘tib, teatrning o‘sha paytdagi direktori San’at Devonov: «Liboslar» bo‘limi sal oqsayapti, shu bo‘limdagilarga yordamlashsangiz, – deb qoldilar. Shu tariqa, 1992 yildan «Liboslar» bo‘limida ishimni davom ettirdim. Orada «Rekvizit» bo‘limida ham toblandim. 1996 yilga kelib, teatrning suflyori, ustozim– Ikromova Mahbuba opa nafaqaga ketayotganliklari sabab, o‘rinlarini menga ishonib topshirdilar. Shundan beri to bugungacha suflyorlik vazifasida ishlab kelaman.
Mutaxassisligim bo‘yicha o‘qituvchi bo‘lib, oz muddat ishlagan bo‘lsam-da, teatrdan uzilib ketolmadim! Yoshligimda ko‘p qizlar singari aktrisa bo‘lishni emas, balki rejissyor bo‘lishni xohlaganman. To‘g‘ri, rejissyor bo‘lmadim, lekin baribir, teatrdaman! Muhimi shu! O‘ylab qolaman, kasbimni men emas, kasbim meni tanlagandek go‘yo. Bir tomoni, kasbimga bo‘lgan sevgim qondan o‘tgan bo‘lsa kerak, deb taqdirning ishiga suyunaman! O‘zbek teatrining asoschilaridan, atoqli teatr arbobi – Mannon Majidov Uyg‘ur onamning tog‘asi bo‘ladi. Bolaligimdan bu haqida eshitib, katta bo‘ldim. O‘shandayoq teatrga g‘oyibona asir bo‘lgandirman balki...
Bitta kursi va mitti chiroq yog‘dusi– bu mening kichik teatrim! Har kuni har xil hayajon bilan shu mo‘’jaz go‘shamga shoshaman!
Kasbimni zavqli tomoni shundaki, suflyor spektaklning ilk tomoshabinidir! Aktyorlarni yaqindan his qilib turasiz. Spektakl davomida butun ijodiy jamoa har safar imtihondan o‘tadi. Mana shu lahzalar hayajoni uchun ham kasbimni o‘zgacha yaxshi ko‘raman. Aktyorlar va rejissyorlar spektakl haqidagi fikrim bilan doim qiziqishadi. Men ham sahna ortida xuddiki, ular bilan birga rol ijro etaman. Pesalardagi so‘zlar yod bo‘lib ketgan! Tomoshabin sifatida spektaklga kelgan kunim ham zaldan turib, xayolan asar so‘zlarini pichirlab o‘tiraman.
Siz suflyorning qanday ishlashini ko‘rmagansiz, chunki, tomosha zalidan uni ko‘rish imkonsiz. Lekin mana shu loyihani tayyorlashda biz suflyorning ish jarayoniga yaqindan guvohi bo‘ldik.
Buni siz ham xabar.uzning youtube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Lobar Qobilova suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter