Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya vakili Falastin masalasida ikkiyuzlamachilik qilayotgan davlatlarni sanadi

Rossiya vakili Falastin masalasida ikkiyuzlamachilik qilayotgan davlatlarni sanadi

Falastinning ishg‘ol ostidagi yerlari – G‘arbiy sohil va G‘azo sektorida misli ko‘rilmagan gumanitar inqiroz yuzaga keldi. Bu haqda Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Xavfsizlik kengashi majlisidagi nutqida gapirdi.

«Anklavda halok bo‘lganlar soni 8 ming kishidan ortib ketdi, ularning yarmi bolalar, ayollar va keksalardir. 2 ming kishi (ularning ham yarmi bolalardir) vayron bo‘lgan binolar ostida qolmoqda. 21 mingdan ziyod odam jarohatlandi. G‘azoning 1,6 million aholisi boshpanasini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi. Iordan daryosining G‘arbiy sohilida esa 100 dan ziyod odam halok bo‘ldi, 3 ming kishi jarohatlandi. Noxush raqamlar soat sayin oshib bormoqda. BMT agentliklari tomonidan berilgan qurbonlar ham odamni dahshatga soladi: 64 nafar xodim halok bo‘ldi, 22 nafari jarohatlandi, BMTning Yaqin Sharq ofisiga qarashli 42 ta bino vayron qilindi», – deydi Vasiliy Nebenzya.

Diplomat to‘laqonli qamalga olingan G‘azoda oziq-ovqat, suv, dori-darmon yetishmayotgani, aloqa va internet uzib qo‘yilgani, Isroil hatto gumanitar ko‘makni o‘tkazishga ham to‘sqinlik qilayotganini tanqid qildi.

Ta’kidlanishicha, Isroil harbiy-siyosiy ma’muriyati BMT Xavfsizlik kengashi  rezolyusiyasida aniq bayon qilingan pozitsiyaga qarshi borib, G‘azoda quruqlikdagi operatsiyani boshladi.

Rossiya diplomati Isroil hamda uning yaqin ittifoqchi AQShning G‘azodagi asosiy maqsadini ham ochiqladi.

«Biz ikki marta shu kabi tashabbuslar (o‘t ochishni to‘xtatish taklifi nazarda tutilmoqda – tahr.) bilan chiqdik. Lekin Vashington va G‘arbiy Quddusning rejasi butkul boshqa: G‘azo aholisini qirib tashlash yoki ularni sektordan siqib chiqarish, Falastinning qolgan aholisini esa Isroil tarkibida assimilyasiya qilish va shu yo‘l bilan Falastin muammosini hal etishdir», – deydi u.

Diplomat ixtilofni hal etish uchun BMT hujjatlarida mustahkamlangan «ikki davlat» formulasini amalga tatbiq etgan holda, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tashkil etish lozimligini yana bir karra ta’kidlagan.

Rossiya vakili V.Nebenzya AQSh hamda boshqa G‘arb davlatlarini ikkiyuzlamachilikda ham ayblagan.

«AQSh vakiliga savol bermoqchiman: nega sizlar o‘t ochishni to‘xtatishga qarshilik qilmoqdasizlar? Bu Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi bo‘lgan AQSh G‘azo aholisidan ommaviy qasos olish doktrinasini dastaklashini anglatadimi? Tinch aholiga hamdardligingiz qayerda qoldi? Axir, Kengashning Ukraina bo‘yicha har bir majlisida shu haqda nutq irod qilasizlar-ku! Holbuki, Ukrainadagi tinch aholi hayoti G‘azodagi falastinliklar kabi tahdidlarga duchor bo‘layotgani yo‘q.  Yoki sizlar faqat Yevropa qit’asidagilar haqida qayg‘urasizlarmi? Falastinliklar hayoti Vashingtonni tashvishga solmaydimi?» – deya savollar qo‘ydi Ukrainaga bosqin uyushtirgan mamlakat vakili.

Avvalroq Human Rights Watch ham AQSh va Yevropa mamlakatlari Falastin–Isroil ziddiyati borasida ikkiyuzlamachilik qilayotgani haqida bayonot bergan edi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, G‘arb mamlakatlari Ukrainada tinch aholi o‘qqa tutilishi, noqonuniy qatllar, aholini elektr energiya va suvdan mahrum etish, qiynoqlar kabi xalqaro gumanitar huquq buzilishlarini haqli ravishda qoralab, buning uchun Rossiya javob berishi kerakligini talab qildi. Ammo ular Isroil G‘azo sektori aholisini jamoaviy tarzda jazolayotgani, harbiy jinoyatlar sodir etayotganiga tomoshabin bo‘lib turibdi.

BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) matbuot kotibi Jeyms Elder kecha bergan bayonotida Isroil bombardimoni oqibatida G‘azo mintaqasi bolalar uchun qabristonga aylangani haqida bong urdi. Xalqaro tashkilot vakili o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar halokatga yuz tutgan G‘azoga zudlik bilan insonparvarlik ko‘magi kiritishni talab qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring