Qozog‘istondagi hukmron partiya prezidentlikka To‘qayev nomzodini ko‘rsatdi
Qozog‘istonda hukmron «Amanat» partiyasi amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevni bo‘lajak saylovda prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatdi.
«Amanat»ning navbatdan tashqari XXIV qurultoyida partiya raisi Yerlan Koshanov shunday dedi:
«Bir ovozdan qaror qilindi. Hurmatli shu partiya a’zolari, Amanat partiyasining XXIV qurultoyi qarori bilan Qosim-Jo‘mart Kemelevich To‘qayev bir ovozdan Qozog‘iston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi».
Qurultoy ishtirokchilari To‘qayev nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi.
Joriy yilning 1-sentyabr kuni To‘qayev muddatidan oldin saylov o‘tkazilishini bildirgan edi. Qozog‘istonda navbatdagi prezidentlik saylovi 20 noyabrda o‘tkaziladi. To‘qayev imzolagan konstitutsiyaga o‘zgartishlarda joriy yildan boshlab prezident faqat bir marta 7 yillik muddatga saylanishi qayd etilgan.
Ayni paytda prezidentlikka boshqa partiyalar ham o‘z nomzodlarini olg‘a surmoqda. «Auil» partiyasidan Jiguli Dayrabayev, OSDPdan Nurlan Auyesbayev, «Amanat» kasaba uyushmalaridan Meyram Kajiken nomzodlari ko‘rsatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter