Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Erdo‘g‘on Turkiyadagi inqilobiy o‘zgarish haqida gapirdi

Prezident Erdo‘g‘on Turkiyadagi inqilobiy o‘zgarish haqida gapirdi

Foto: AA

Turkiya so‘nggi 19 yil ichida mudofaa sanoatida chinakam inqilobni amalga oshirdi. Bu haqda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbulda tashkil etilgan IDEF 21 – 15-xalqaro mudofaa sanoati ko‘rgazmasida ma’lum qilgan.

Turkiya rahbari mamlakat so‘nggi yillarda qurol ishlab chiqarish bo‘yicha import keskin qisqartirilgani, bu boradagi ko‘rsatkich 80 foizdan 20 foizga kamayganini ta’kidlagan.

«Anqara mudofaa sanoatiga jiddiy e’tibor qaratadi. Chunki yirik ishlab chiqaruvchilar joriy etgan yashirin embargolarga qarshi turishning boshqa yo‘li yo‘q edi. Agar ilgari Turkiyaning mudofaa va aerokosmik sanoat mahsulotlari eksporti 250 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsaktich 3 milliard dollardan oshdi», – dedi prezident Erdo‘g‘on.

Qayd etilishicha, Turkiya bugungi kunda uchuvchisiz uchish qurilmalari ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha dunyoning 3-4 yetakchi davlatidan biriga aylandi.

Ayni choqda, Erdo‘g‘on Turkiya harbiy-mudofaa sohasidagi yutuqlarini do‘st mamlakatlar bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi.

«Mintaqada va butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va ishonch muhitining hukm surishi mudofaa sanoati bo‘yicha muvozanatga bog‘liqdir. Biz uchun asosiysi daromad orttirish emas. Biz uchun qora oltinning tomchisi inson qoni tomchisidan qadrli bo‘la olmaydi», – dedi Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘on, shuningdek, uning mamlakati terrorizmga qarshi kurash bahonasida tinch aholiga hech qachon bomba yog‘dirmasligini ta’kidladi.

IDEF – Istanbul xalqaro mudofaa sanoati ko‘rgazmasi dunyodagi yirik tadbirlar sirasiga kiradi. Bu yilgi ko‘rgazmada 53 mamlakatning 1236 ta mudofaa kompaniyasi mahsulotlari namoyish etildi. Unda yuzga yaqin yuqori martabali mehmonlar – vazirlar, qo‘mondonlar ishtirok etdi.

Oxirgi yillarda Turkiya mudofaa sanoatida mustaqillikka erishishga harakat qilmoqda. Anqaraning Rossiyadan S-400 tizimini sotib olishi ortidan AQSh tomonidan sanksiya joriy etilishi mudofaa sohasidagi izlanishlarni jadallashtirdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2002-yili Turkiyada mudofaa sanoati yo‘nalishida 62 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirga kelib ular soni 1500 ga yetgan. Mudofaa sanoatidagi tovar aylanmasi 1 milliard dollardan 11 milliard dollarga, mudofaa loyihalari budjeti esa 5,5 milliard dollardan 60 milliard dollarga o‘sgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring