Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Niderlandiya Zelenskiyning iltimosini yerda qoldirmadi

Niderlandiya Zelenskiyning iltimosini yerda qoldirmadi

Zelenskiy va Ryutte Eyndhoven shahridagi bazada F-16 uchog‘ini ko‘zdan kechirmoqda.

Foto: Reuters.

Niderlandiya Ukrainaga 42 dona F-16 qiruvchi uchoqlarini berishga tayyor. Bu haqda prezident Vladimir Zelenskiy Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte bilan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi.

«Ukraina osmonida (F-16 uchoqlari) parvoz qiladi. Tashakkur, Niderlandiya! Rahmat, Mark! Bizga ko‘mak berayotgan barcha omon bo‘lsin! Biz albatta g‘alaba qozonamiz!» – deb yozdi Zelenskiy Telegramdagi rasmiy sahifasida.

20-avgust kuni Niderlandiyaga tashrif buyurgan Ukraina rahbari rasmiy muzokaralarda birinchi galda F-16 uchoqlari masalasini ko‘tarishi kutilgan edi.

Rasmiy Amsterdam ushbu rusumdagi uchoqlarni ukrainalik uchuvchi va muhandislarni o‘qitish jarayoni yakunlagach yetkazib beradi.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Daniya ham Kiyevga qiruvchi uchoqlarni yetkazish niyatida sobit ekani bildirmoqda.

Avval xabar berganimizdek,  18-avgust kuni Qo‘shma Shtatlar Niderlandiya va Daniyaga F-16 samolyotlarini yetkazib berishga ruxsat bergan edi.

Ayni damda Daniya va Niderlandiyada ukrainalik uchuvchilar F-16 uchog‘ini boshqarish uchun o‘qitilmoqda. Ularga malaka oshirish uchun bir yil kerak bo‘lishi aytilmoqda.

Zelenskiy ma’muriyati ko‘pdan buyon G‘arb mamlakatlaridan jangovar qiruvchi samolyotlar so‘rab keladi.

G‘arblik ba’zi siyosatdonlar Ukrainaga qiruvchi uchoqlar berilishi «qizil chiziq» ekani, ya’ni bu Moskva bilan NATOning to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga borishini anglatishini aytib, Kiyevning so‘rovini qanoatlantirmay kelayotgan edi. 

Niderlandiya va bir qator Yevropa davlatlari bunga rozi bo‘lgan edi. Biroq ular AQSh ruxsatisiz jangovar uchoqlarni Ukrainaga bera olmasdi. Chunki F-16 Amerikada ishlab chiqariladi.

Fransiya ma’muriyati ham harbiy uchoqlar yetkazish imkonini istisno etmagan.

Polsha esa Ukrainaga MiG-29 qiruvchi uchoqlarini taqdim etishga va’da bergan.

Bir muddat avval AQShning Yevropadagi qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general-leytenant Ben Hojes agar G‘arb Ukrainaga qiruvchi uchoqlarni tez fursatda taqdim etsa, joriy yildayoq Kiyevning qo‘li baland kelishi, hatto Donbass va Qrimni qaytarib olishi mumkinligini aytgan edi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring