Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zelenskiy O‘zbekistonda tug‘ilgan yana bir siyosatchini muhim lavozimga tayinladi

Zelenskiy O‘zbekistonda tug‘ilgan yana bir siyosatchini muhim lavozimga tayinladi

Narimon Jalil Ukrainaning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda prezident Vladimir Zelenskiyning 305-sonli farmoni qabul qilindi.

Rossiya bilan tinchlik muzokaralarida Turkiya vositachilik qilayotgani inobatga olinsa, ayni vaqtda Ukrainaning Anqaradagi elchisi lavozimi har qachongidan ham muhimroq ahamiyat kasb etadi.

Qrim tatari millatiga mansub siyosatchi, jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Narimon Jalil O‘zbekistonga begona emas. U 1980 yilda Navoiy shahrida tug‘ilgan.

1944 yil 18 may tunida sho‘ro dohiysi Iosif Stalinning farmoni bilan 250 mingdan ziyod qrim tatarlari vatanidan badarg‘a qilingan edi.

Insoniyat tarixidagi eng mudhish amaliyotlaridan biri sanalgan surgun payti Narimon Jalilning yaqinlari ham O‘zbekistondan qo‘nim topgan.

Ilk bolalik davri mamlakatimizda kechgan Narimon 1989 yili oilasi bilan tarixiy vatani Qrimga qaytgan.

Odessa milliy universitetini siyosatshunoslik yo‘nalishida tamomlab, jurnalistlik va pedagoglik bilan shug‘ullangan. 2013 yilda Qrim tatar Majlisi raisi o‘rinbosari etib saylangan.

2014 yilda Qrim yarim oroli Rossiya tomonidan ishg‘ol qilinganidan keyin ham Narimon Jalil shu yerda qolib, ukrain va qrim tatarlari haq-huquqlarini himoya qilgan.

2021 yil sentyabr oyida “Qrim platformasi” sammitida qatnashganidan keyin Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan diversiyada ayblanib qo‘lga olingan. 2022 yilda 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2024 yil iyun oyida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi asirlar almashuvi doirasida ozodlikka chiqqan va Ukrainaga qaytgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning sentyabr oyida prezident V.Zelenskiy Samarqand viloyatida tug‘ilgan Rustem Umerovni ham Ukrainaning mudofaa vaziri etib tayinlagan edi.

Qrim tatarlarining milliy manfaatlarini himoya qilish harakatida O‘zbekistonda uzoq yil yashagan Mustafo Jamilov alohida o‘rin tutadi. Siyosiy yetakchi bu boradagi sa’y-harakatlari uchun Nobel mukofotiga ham nomzod qilib ko‘rsatilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring