Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Musulmon dunyosi g‘azabda – Isroil politsiyasi o‘tgan yil Ramazon oyidagi qilmishini bu yil ham takrorladi

Musulmon dunyosi g‘azabda – Isroil politsiyasi o‘tgan yil Ramazon oyidagi qilmishini bu yil ham takrorladi

Foto: AP

Isroil xavfsizlik kuchlari 4 aprel kechasi va 5 aprel subhida Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, namoz o‘qiyotgan yuzlab falastinliklarga nisbatan shovqinli granata, zaharli gaz, rezina o‘qlar bilan hujum qilgan haqida xabar bergan edik.

Hujum oqibatida 200 dan ortiq falastinlik qo‘lga olingani, 100 ga yaqin inson yaralangani aytilmoqda.

WAFA axborot agentligi xabariga ko‘ra, Al-Aqsoga bostirib kirishdan ko‘zlangan maqsad musulmonlarni u yerdan chiqarish va muqaddas masjid hududiga yahudiy mutaassiblari kirishi uchun sharoit yaratishdan iboratdir. 

Muqaddas masjidga Ramazon oyida uyushtirilgan hujum musulmon dunyosi tomonidan keskin qoralanmoqda.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos ma’muriyati Isroil xavfsizlik kuchlarining bosqinini jinoyat deb atagan.

«Biz bosqinchilarni muqaddas makonda «qizil chiziqlar»ni kesib o‘tish oqibatidan ogohlantiramiz. Bu katta portlashga olib keladi», – deb bayonot bergan  Falastin prezidenti ma’muriyati.

Quddusdagi muqaddas masjid muhofazasiga mas’ul Iordaniya podshohligi ham Isroil hamlasini keskin tanqid qilgan. 

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi Al-Aqsoga hujumni muqaddasotlarni hurmat qilishga doir xalqaro huquq me’yorlarining poymol etilishi deb atagan. Ayni choqda, bunday nomaqbul harakatlar tinchlik yo‘lidagi muzokaralarni boshi berk ko‘chaga olib kirishi ta’kidlangan. Rasmiy Riyoz Isroil okkupatsiyasiga chek qo‘yish va Falastin masalasini adolatli hal etishda sobit ekanini ma’lum qilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil xavfsizlik kuchlarining muqaddas Ramazon oyida Al-Aqso masjidiga bosqin uyushtirishi an’anaga aylanmoqda.

2021 yili Qadr kechasida ham Al-Aqsoga hujum uyushtirilgani musulmon olamida keskin e’tiroz va norozilik uyg‘otgandi.

O‘shanda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Quddusdagi vaziyat keskin tus olishi sababli chuqur xavotir izhor etgandi.

«Tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yish, vaziyatni beqarorlashtirishdan saqlanish va bundan buyon qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda musulmon olami uchun muqaddas hisoblangan Iyd al-Fitr arafasida mojaroni hal etish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiramiz. Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini – status-kvoga rioya etilishini ta’minlash zarur deb hisoblaymiz», – deya bayonot bergan edi vazirlik.

Bundan bir yil avval, 15 aprel tongida ham Isroil politsiyasi muqaddas masjidni hujum «ssenariy»sini takrorlagan.

Al-Aqso musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi sanaladi. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar bo‘lib kelganlarining dastlabki yillarida musulmonlar namozlarini ushbu masjid tomon yuzlanib o‘qiganlar. Bu jihatdan, Al-Aqso ilk qibla o‘laroq e’zozlanadi. Qolaversa, Isro kechasida Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkadan Quddusga – Al-Aqso masjidiga sayr ettirgan. Ushbu masjidda o‘qilgan namozga boshqa yerda o‘qilgan namozdan 500 barobar baland maqom berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Sharqiy Quddusni 1967 yili olti kunlik urushdan keyin bosib olgan. Xalqaro hamjamiyat qarshi chiqayotganiga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha o‘ziga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Falastinliklar esa Sharqiy Quddus mustaqil davlatning bo‘lg‘usi poytaxti bo‘lishiga umid qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring