Malagasiyaliklar vatanparvaridan judo bo‘lishdi
Madagaskarning sobiq prezidenti Dide Ratsiraka 28-mart kuni 85 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda yakshanba kuni amaldagi davlat rahbari Andri Radzuelina ma’lum qildi.
«Malagasiyaliklar vatanparvaridan judo bo‘lishdi. Hamdardlik bildiraman», — deb yozdi u «Twitter»da.
«Jeune Afrique» jurnalining yozishicha, Ratsirakaga gripp tashxisi bilan 22-mart kuni poytaxt Antananarivudagi harbiy gospitalga yotqizilgan. Sobiq prezidentning ahvoli shifokorlarni xavotirga solmagan, ammo yakshanba kuni kechqurun u to‘satdan og‘irlashib qolgan.
O‘limining sababi hali rasman e’lon qilinmadi.
Dide Ratsiraka 1936-yil 4-noyabrda dunyoga kelgan. U 1976-yildan 1993-yilgacha hamda 1997-yildan 2002-yilgacha ikki marta Madagaskar prezidenti bo‘lgan.
Birinchi marta hokimiyatga kelganidan so‘ng u Sobiq Ittifoq bilan aloqa o‘rnatgan. 1976-yilda u Malagasiya inqilobi avangardini (AREMA) tashkil etgan.
2003-yilda u Malagasiya sudi tomonidan vakolatini suiiste’mol qilganligi hamda pul mablag‘larini talon-toroj qilganligi uchun o‘n yillik og‘ir mehnatga sirtdan hukm qilingan. Bundan bir yil oldin sobiq prezident Fransiyaga jo‘nab ketgan: hukumat uni topshirishdan bosh tortgan. Ratsiraka 2011-yil kuzida amnistiyadan so‘ng Madagaskarga qaytib borgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter