Jiddadagi suv toshqinlarida 2 kishi qurbon bo‘ldi
24-noyabr, payshanba kuni Saudiya Arabistonining g‘arbiy qismida, jumladan, Jidda shahrida kuchli yomg‘ir sabab kelib chiqqan suv toshqinlari oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi. Ko‘plab ko‘chalar va avtomobillar suv ostida qolgan, maktab va universitetlar ishlamayapti. Qirol Abdulaziz xalqaro ayeroportida parvozlar kechiktirilmoqda.
Qirollikda futbol bo‘yicha Saudiya Arabistoni terma jamoasi Jahon chempionatida Argentinani mag‘lubiyatga uchratganidan so‘ng qirol Salmon dam olish kunini e’lon qilgan va chorshanba kuni butun mamlakat bo‘ylab maktablar allaqachon yopilgan edi.
«Hozirgacha ikkita o‘lim qayd etildi va biz barchani sababsiz tashqariga chiqmaslikka chaqiryapmiz», – deydi Makka ma’muriyati.
Ma’lum qilinishicha, ko‘plab ziyoratchilarni Jiddadan Makkaga olib boradigan yo‘llar yomg‘ir boshlanganda yopilgan, biroq, bir muddatdan so‘ng qayta ochilgan. «Al-Axbariya» telekanali esa Makkadagi Masjidi Haramda namozxonlarning kuchli yomg‘ir ostida Ka’bani ziyorat qilayotgani aks etgan tasvirni namoyish etdi.
Jiddada yomg‘ir va suv toshqinlari deyarli har yili kuzatilmoqda. Jumladan, 2009-yilda shahardagi suv toshqinlari 123 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 2011-yildagisida esa 10 kishi halok bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter