Isroil–Eron: josuslik o‘yinida kutilmagan burilish
Isroil xavfsizlik idoralari mamlakatda Eron foydasiga ishlab kelgan josuslar tarmog‘i fosh etilganini ma’lum qildi.
Xabarlarga ko‘ra, yetti nafar Isroil fuqarosi ikki yil davomida mamlakatdagi harbiy va energetika ob’yektlariga doir razvedka ma’lumotlarini yig‘ib, Eron maxsus xizmatiga yetkazib turgan.
Josuslikda ayblanib qo‘lga olinganlar (Aziz Nisanov, Aleksandr Sedikov, Vyacheslav Goshin, Yevgeniy Yufa, Igal Nisan) asli ozarbayjonlik yahudiylar bo‘lib, keyinroq Isroil fuqaroligini olgan. Voyaga yetmagani vajidan ikki gumonlanuvchining ismi oshkor etilmagan.
Prokurorlar jinoiy guruh ikki yil mobaynida 600 ga topshiriqni bajargani, jumladan, maxfiy harbiy ob’yektlar, yuqori martabali mulozimlar haqida ma’lumot to‘plab, Eronga yuborganini aytmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, josuslik faoliyati bilan shug‘ullangan Isroil fuqarolari xizmati evaziga to‘lovni kriptovalyutada qabul qilgan, naqd pulni esa yahudiy davlati hududiga Rossiya fuqarolari olib kirgan.
Gumonlanuvchilar tomonidan suratga olingan harbiy infratuzilma ob’yektlari Eron tomonidan joriy yil 1 oktyabr kuni Isroilga yo‘llangan raketa zarbalari nishoni bo‘lgan.
Rasmiy ayblov juma kuni e’lon qilinadi. Isroil qonunchiligida «dushman davlat bilan hamkorlik» uchun umrbod qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.
Tel-Aviv rasmiylari josuslar tarmog‘i faoliyatini «Isroil tarixida xavfsizlik tartib-qoidalarining eng jiddiy buzilishi» deb atamoqda.
So‘nggi oylarda Isroil Eronda razvedka faoliyatini kuchaytirgani, Tehron davlat tuzilmalariga o‘z ayg‘oqchilarini kiritgani haqida xabarlar tarqaldi.
Jumladan, Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod Isroilga qarshi kurashish maqsadida mamlakat maxsus xizmatlari tizimida tashkil etilgan bo‘linmaga «Mossad» agenti boshchilik qilib kelgani haqida shov-shuvli bayonot berdi.
Fransiyaning «Le Parisien» gazetasi yozishicha, Isroil Eronning yaqin ittifoqchisi «Hizbulloh» harakati ichiga o‘z josuslarini kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Isroil foydasiga ishlab kelgan eronlik agent yetkazgan ma’lumot asosida yahudiy davlati harbiylari harakat yetakchisi Hasan Nasrullohni o‘ldirgan.
Isroil armiyasi 4 oktyabr kuni uyushtirgan hujumda Hasan Nasrulloh o‘rniga harakat rahbari etib tayinlangan Hoshim Safiuddin ham halok bo‘ldi.
Bu Eron maxsus xizmatlari tizimiga Isroil ayg‘oqchilari yashirincha kirib olgani haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirdi.
Ikki haftacha avval esa Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni, general Ismoil Qaaniy Isroilga aloqadorlik gumoni bilan qamoqqa olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter