Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroilda yarim million kishi norozilik namoyishiga chiqdi

Isroilda yarim million kishi norozilik namoyishiga chiqdi

Yakshanbaga o‘tar kechasi Isroil ko‘chalarida yarim milliondan ziyod aholi norozilik namoyishiga chiqdi. Mahalliy matbuotga ko‘ra, bu mamlakat tarixidagi eng yirik namoyishdir. Birgina poytaxt Tel-Avivda 200 ming kishi aksilhukumat aksiyasida qatnashgan.

Isroilda norozilik aksiyalari ikki oydan buyon to‘xtamayotir. Muxolifat va ko‘p sonli aholi Binyamin Netanyahu hukumati taklif etgan sud tizimi islohotlaridan norozi.

Taklif etilayotgan o‘zgarishlar sud hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijroiya tizimlariga ta’sir ko‘rsatish vakolatidan mahrum etishni ko‘zda tutadi. Hozirga qadar Oliy sud parlament qabul qilgan qonunlarni konstitutsiyaga zidligi sabab to‘xtatib qo‘yishi mumkin edi. Endilikda sud vetosini parlamentdagi ko‘pchilik ovoz bilan aylanib o‘tish taklif etilmoqda. Ushbu tartib amalga kiritilsa, Knessetda ko‘pchilik ovozga ega partiya o‘zi istagan qonunni qabul qilishi yoki bekor qilishi mumkin bo‘ladi.

Muxolifat va ko‘p sonli namoyishchilar bu o‘zgarishlarni demokratik tamoyillarga tajovuz deb baholamoqda. Norozilik namoyishi qatnashchilari sud tizimiga doir islohotlar hokimiyatlarning bo‘linish tamoyili va muvozanatini izdan chiqarishi, diktaturaga yo‘l ochishidan xavotir bildirmoqda.

Binyamin Netanyahu hukumati hozircha namoyishchilar bilan muloqot qilishdan o‘zini olib qochmoqda. O‘zgarishlar tashabbuskorlari da’vosiga ko‘ra, sud hokimiyati vakolatlarini cheklash xalq irodasini ifodalaydi.

Times of Israel gazetasining yozishicha, Netanyahu ma’muriyati AQShni namoyishlarni moliyalashtirish va tashkillashtirishda ayblagan.

Isroil prezidenti Itsxak Hersog hukumat huquqiy islohotlardan voz kechishi kerakligi haqida bayonot bergan.

Avval xabar berganimizdek, B.Netanyahu bosh vazir lavozimida sudga tortilgan ilk siyosatchi sifatida mamlakat tarixiga kirdi. «Likud» partiyasi yetakchisi poraxo‘rlik, tamagirlik, budjet mablag‘ini talon-toroj qilish, firibgarlik hamda mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarda ayblandi.

Siyosiy inqiroz va takroriy saylovlar ortidan u yana davlat tepasiga keldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring