Isroil uyushtirayotgan portlashlardan BMT xavotirda
![Isroil uyushtirayotgan portlashlardan BMT xavotirda](https://static.xabaruz.com/crop/2/2/720_460_95_2244239721.jpg)
Bombardimonlar G‘azodan G‘arbiy Sohilga ko‘chdi.
Isroil armiyasi Iordan daryosining G‘arbiy Sohilidagi 20 ga yaqin binoni portlatdi. Yahudiy davlati armiyasi ushbu binolardan terrorchilar foydalanganini iddao qilgan. BMT esa hududda zo‘ravonlik kuchayib ketganidan xavotir izhor etgan.
Isroil armiyasi HAMAS harakati bilan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqida bitimga kelishganidan ikki kun keyin, 21 yanvar kuni Falastinning boshqa hududi – G‘arbiy Sohilda keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi. Hujum «aksilterror operatsiyasi» deya niqoblangan.
Yigirmaga yaqin bino ham «aksilterror amaliyoti» davomida portlatilgan.
Xabarlarga ko‘ra, Isroil G‘arbiy Sohilda yo‘llarni vayron qilib, mavze va qasabalarni yer bilan bitta qilmoqda.
BMTning Falastinga ko‘mak bo‘yicha agentligi Isroilning ushbu harbiy harakatlari G‘azo sektoridagi tinchlik bitimini ham xavf ostida qoldirayotgani haqida bayonot berdi.
Xalqaro tuzilmaga ko‘ra, Isroil harbiylariga nishon bo‘lgan Jenin «arvoh shahar»ga aylandi. BMT G‘arbiy Sohildagi vaziyatni dahshatli deb baholagan va Isroilni yangi ziddiyat yaratishda ayblagan.
![](https://xabar.uz/static/uploads/77/720__-aSxu2OYrG_KBmJv6-KbJ1SXHJqmQvpg.jpg)
Jenin shahri. Falastinlik oila halok bo‘lgan yaqinlariga motam tutmoqda. Foto: Reuters
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda yil boshidan beri 70 nafar, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon esa 900 ga yaqin falastinlik halok bo‘ldi.
Tahlilchilar G‘azo sektorini yashash uchun butkul yaroqsiz holga keltirgan Isroil armiyasi endilikda G‘arbiy Sohilda ana shunday vayronkor amaliyot o‘tkazayotganini aytmoqda.
Falastin tashqi ishlar vazirligi Isroilning G‘arbiy Sohildagi tinch aholi vakillariga hujumini qoralagan va xalqaro hamjamiyatni ushbu jinoyatga tomoshabin bo‘lmaslikka chaqirgan.
Prezident Mahmud Abbos ma’muriyati Isroil armiyasining G‘arbiy Sohildagi zo‘ravonlik harakatlarini «etnik tozalash», ya’ni falastinliklarni qirib tashlashga urinish deb atagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter