«Isroil davlati katta xavf ostida» – namoyishchilar Netanyaxu qarorgohiga buzib kirishmoqda
Sud-huquq islohotini tanqid qilgan mudofaa vaziri ishdan olinganidan keyin Isroilda tartibsizliklar avj oldi. Namoyishchilar Netanyaxuning Quddusdagi uyidan 20 metr narida joylashgan nazorat-o‘tkazish punktini buzib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
Minglab namoyishchilar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Quddusdagi qarorgohi oldida sud-huquq islohotlariga qarshi to‘planishdi.
Netanyaxu mudofaa vazirini lavozimidan chetlatgach, Isroilning ko‘plab shaharlarida norozilik namoyishlari boshlandi.
YNet ma’lumotlariga ko‘ra, Tel-Avivdagi namoyishchilar Ayalon shossesini (Isroilning eng yirik avtomobil yo‘li) har ikki yo‘nalishda ham to‘sib qo‘ygan, avtomobil shinalarini yoqib, barrikadalar o‘rnatishmoqda.
Netanyaxu qarorgohi joylashgan Quddusdagi Azza ko‘chasida yana mingga yaqin namoyishchi to‘plangan. «Kan-11» telekanalining xabar berishicha, bosh vazir qarorgohi yaqinidagi nazorat-o‘tkazish punktini buzib o‘tgan namoyishchilarga politsiya suv purkagichlar bilan qarshilik qilmoqda.
Muxolifat yetakchisi va sobiq bosh vazir Naftali Bennet Netanyaxuni mudofaa vazirini ishdan bo‘shatish haqidagi buyrug‘ini qaytarib olishga va sud-huquq islohotini to‘xtatishga chaqirdi.
«Isroil davlati katta xavf ostida. Kim haq, kim nohaq ekanligi muhim emas. Men barcha namoyishchilar va Isroil fuqarolaridan zo‘ravonlik ishlatmaslikni, qon to‘kmaslikni so‘rayman», dedi Bennet.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter