G‘azodagi shifoxonada jon saqlayotgan bemorlar buldozerda bosib o‘ldirildi – OAV
Isroil askarlari G‘azo sektoridagi Kamol Advan shifoxonasidagi falastinlik bemorlarni buldozerlarda bosib o‘ldirdi. Bu haqda «Al-Jazira» telekanali xabar berdi.
Shifokorlar va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi shifoxona hovlisidagi chodirlarda jon saqlayotgan bemorlarni buldozerlarda tiriklay bosib-yanchib tashlagan. Oqibatda 20 ga yaqin kishi halok bo‘lgan.
Isroil harbiylari HAMAS a’zolari yashiringan degan da’vo bilan Bayt Lahiya shahridagi shifoxonani bir necha kun davomida o‘qqa tutgan. Reyd davomida o‘nlab odamlar, jumladan, tibbiy xodimlar qo‘lga olingan. Tibbiy muassasa binosiga ham katta talafot yetgan.
«Chegara bilmas shifokorlar» (Medecins Sans Frontieres) xalqaro tashkilotining Falastindagi missiyasi rahbari Leo Kans Kamol Advan shifoxonasidagi vaziyatni «halokatli» deb baholagan, tibbiy xodimlar Birinchi jahon urushi sharoitida faoliyat yuritayotganini aytgan.
Qarorgohi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan Euro-Med Human Rights Monitor tashkiloti Kamol Advan shifoxonasidagi bemorlar buldozerlarda bosib o‘ldirilgani holati yuzasidan xalqaro tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan.
Inson huquqlari tashkiloti Isroil harbiylari urush sharoitida ilojsizlikdan shifoxona hovlisiga ko‘milgan falastinliklar jasadini kovlab olib ketganini ham ma’lum qilgan. Bu harakat marhumlarga nisbatan hurmatsizlik deb baholangan.
«Isroil kuchlari tomonidan Kamol Advan shifoxonasida amalga oshirilgan vahshiylik 7 oktyabrdan buyon tibbiy muassasalar, tez yordam guruhlari va mashinalariga uyushtirilayotgan tizimli va davomli hujumlarning davomi sanaladi. Xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra bu harbiy jinoyat deb malakalanadi», – deyiladi xalqaro tashkilot bayonotida.
Euro-Med Human Rights Monitor Isroil hozirga qadar G‘azodagi shifoxonalar harbiy maqsadda qo‘llanganini tasdiqlovchi ishonchli dalillar taqdim etmaganini ham urg‘ulagan.
Isroil armiyasi HAMASning hujumiga javoban G‘azoda 7 oktyabrdan buyon o‘tkazayotgan harbiy amaliyotda halok bo‘lgan falastinliklar soni 19 ming 667 nafarga yetdi. Tinch aholi vakillari o‘limi oshib borayotgan bir pallada xalqaro hamjamiyatning o‘t ochishni to‘xtatish talabi tobora balandroq ovozda yangrayotir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter