Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa Ittifoqi Suriyadagi saylovlarni tan olmadi

Yevropa Ittifoqi Suriyadagi saylovlarni tan olmadi

Suriyada 26 mayda bo‘lib o‘tgan navbatdagi prezidentlik saylovlarida Bashar Asadning mutlaq g‘alaba qozongani, ya’ni 95,1 foiz ovoz to‘plab, qayta prezident etib saylangani haqida xabar berilgandi.

Saylovda B.Asadning raqiblari, ya’ni muxolif Vatanparvarlik harakati vakili, Demokratik arab sotsialistik ittifoqi yetakchisi Mahmud Ahmad Murai 3,3 foiz, Sotsialistlar ittifoqi partiyasi vakili, sobiq Parlament ishlari bo‘yicha vazir Abdulla Salyum esa 1,5 foiz ovoz jamg‘ardi.

Avvaliga kampaniyada ishtirok etishni niyat qilgan 51 nomzod ariza bilan murojaat etgan edi. Biroq ularning aksariyatining turli sabablarga ko‘ra rad etildi.

Muammo shundaki, saylovlar butun mamlakat hududi bo‘ylab emas, balki faqat rasmiy Damashq nazorat qilib turgan hududlarda kechdi. Idlib, Aleppo, Deyr az-Zor muxolif kuchlar va kurd ayirmachi otryadlari qo‘lida qolmoqda. Bu hududlarda AQShning mingga yaqin harbiy xizmatchilari bo‘lib, ular bu yerni tark etishni istamayapti.

Asad o‘z g‘alabasini «mamlakat tarixidagi yangi davr», deb baholadi va asosiy e’tiborni qayta tiklash ishlariga qaratishini bildirdi.

Suriya yetakchisining maslahatchisi Busayn Shaabanning ma’lum qilishicha, aholining saylovlarda bu qadar faol ishtiroki, G‘arbning teskari targ‘ibotiga qaramasdan, aholi o‘z hukumatni keng qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Ittifoq Suriyada bo‘lib o‘tgan saylovlarni aslo tan olmasligini ma’lum qildi.

«Bu saylovlar erkin va adolatli o‘tgani yo‘q. U mojaroni hal qilishga imkon bermaydi. Suriyadagi tuzumning xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarini me’yorlashtirishga olib kelmaydi. Shu sababli biz bu jarayonlarni tan olishimiz mumkin emas», deya ta’kidladi u.

Aslida mart oyi o‘rtalaridayoq, Germaniya, Italiya, Fransiya va AQSh Suriyadagi bo‘lajak saylovlarning halol o‘tishini tan olishdan voz kechgan edi.

Qolavarsa, saylovga bir kun qolganda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya qo‘shma bayonot e’lon qildi. Unda xalqaro hamjamiyatni ushbu saylovlarni tan olmaslikka chaqirishdi. Ular saylov jarayonlarida xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etmaganini asos qilib ko‘rsatishdi.

Turkiya ham Asadni ko‘pdan beri hokimiyatni topshirishga chaqiradi va saylovlarni qonundan tashqari deb e’lon qildi. Xorijdan qo‘nim topgan suriyalik muxolifat ham uni inkor qilmoqda.

Rasmiy Moskva esa «Suriyadagi saylovlarning noqonuniy deb e’lon qilinishi mamlakatning ichki ishiga aralashuv va qo‘pol siyosiy bosim o‘tkazishdir» deb hisoblaydi.

2012 yilda qabul qilingan mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra, Prezident hukumat bilan birgalikda ijroiya hokimiyatini amalga oshiradi va 7 yil muddatga saylanadi. Nomzod, shuningdek musulmon vakili va 40 yoshdan oshgan bo‘lishi, boshqa davlatlarning fuqarosi bo‘lmasligi lozim.

Bashar Asad mamlakatni deyarli 30 yil boshqargan otasi – Arab sotsialistik uyg‘onish partiyasining yetakchisi Hofiz Asaddan hokimiyatni qabul qilib olgan, 2000, 2007, 2014 yillardagi saylovlarda ham g‘alaba qozongan edi. 2014 yildagi saylovlarda 88,7 ovoz jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan.

Uning oldidagi asosiy vazifa so‘nggi o‘n yildan buyon davom etayotgan urushga uzil-kesil nuqta qo‘yish, vayron bo‘lgan infratuzilmalarni qayta tiklash, aholining daromad topish manbalarini yaratish, xalqaro hamjamiyat bilan «qayta til topishish» va chetda yurgan 8 millionga yaqin (birgina Turkiyaning o‘zida 6 million) suriyalik qochoqlarni vataniga qaytarishdan iborat.

Dildora Shomurotova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring