O‘tgan yili chorak milliondan ortiq kishi Germaniya fuqaroligini olgan

Germaniya o‘tgan 2024-yil davomida 291 955 nafar chet ellikni o‘z fuqaroligiga qabul qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 46 foiz ko‘p bo‘lib, tarixiy rekord sifatida qayd etildi.
Mutaxassislar bunday keskin o‘sishni fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgarishlar bilan izohlashmoqda. 2024-yil iyun oyidan boshlab, Germaniyada fuqarolik olish uchun kerakli yashash muddati 8 yildan 5 yilga (ayrim hollarda 3 yilgacha) qisqartirilgan edi.
Shuningdek, endi fuqarolikka o‘tishda avvalgi fuqarolikdan voz kechish ham talab etilmaydi. Bu o‘zgarish ayniqsa, Germaniyada 1960–70-yillardan beri mehnat muhojiri sifatida yashab kelayotgan turk fuqarolari uchun katta imkoniyat yaratdi.
Eng ko‘p fuqarolik olganlar — 2015–2016-yillarda urush va ta’qibdan qochib, Germaniyaga kelgan suriyaliklar bo‘ldi. 2024-yilda ularning katta qismi fuqarolik olish huquqiga ega bo‘ldi va ular yangi qabul qilingan fuqarolarning 28 foizini (83 150 kishi) tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga ko‘p.
Suriyaliklardan keyingi o‘rinlarni turklar (8 foiz), iroqliklar (5 foiz), rossiyaliklar (4 foiz) va afg‘onlar (3 foiz) egalladi.
Eng katta nisbiy o‘sish rossiyaliklar orasida kuzatildi — 2023-yilda 1 995 kishi Germaniya fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2024-yilda ular soni 12 980 nafarga yetdi
Biroq, mamlakatdagi yangi koalitsion hukumat (konservatorlar va ijtimoiy demokratlar) mazkur yengillashtirishlarni qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda. Ular qisqa muddatli fuqarolik berish siyosati migratsiyaning ortishiga va jamoatchilikning ehtimoliy noroziligiga sabab bo‘lishini ta’kidlashmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter