«Ertaga ko‘ramiz». Bashar Asad Suriyada so‘nggi soatlarni qanday o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
Reuters axborot agentligi Bashar Asadning ishonchli shaxslari bilan bog‘lanib, diktator Suriyada so‘nggi kunlarini qanday o‘tkazgani haqida ma’lumot oldi.
7-dekabrda Bashar Asad 30 nafar yuqori martabali shaxs var harbiyni yig‘ib, ularga Rossiyadan yordam kutayotganini aytgan. Bu vaqtda isyonchilar shimol va janubdan Damashqqa yo‘l olgan, shaharga qamal xavf solib turardi. Shunga qaramasdan, Asad armiyadan egallab turgan joyidan qo‘zg‘almaslikni talab qilgan.
«Oxirgi suhbatimizda men unga (Asadga) vaziyat og‘irligini, Humsdan Latakiya tomon ko‘p sonli odamlar ketayotganini, ko‘chalarda vahima va dahshat hukm surayotganini aytdim. U javoban «Ertaga ko‘ramiz», dedi. Bu men undan eshitgan oxirgi gap bo‘ldi», — degan Suriya sobiq bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy.
Aftidan, o‘shanda Asad o‘zi uchun yagona chora — qochish ekanini tushungan. Xalqaro aks-sado qattiq bo‘lishidan cho‘chigan Birlashgan Arab Amirliklari uni qabul qilishni rad etgan, shu bois suriyalik diktator Rossiyadan panoh so‘ragan.
8-dekabr kechki payt Bashar Asad OAV bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Butayna Sha’bonni uyiga chaqirib, nutq tayyorlashni buyurgan, biroq maslahatchi yetib kelganida diktator uyida yo‘q — aeroportga yo‘l olgandi. Diplomatlarga ko‘ra, Asad shimolga — Hamimim (Latakiyadagi xalqaro aeroport)dagi Rossiya aviabazasiga transponderi o‘chirilgan samolyotda uchgan. U yerdan Rossiya samolyoti Asadni Moskvaga eltgan (uning rafiqasi va uch farzandi avvalroq bu yerga yetib kelgandi).
Bashar Asad Suriya armiyasining elita qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilayotgan ukasi Mohir Asadni o‘zi bilan olib ketmagan. Mohirning o‘zi avval Iroq, so‘ngra Rossiyaga qochishga ulgurgan. Bashar Asadning Livanga qochayotgan amakivachchalarini isyonchilar qo‘lga tushirishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter