Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on: «Tez orada zilziladan jabrlanganlarga 75 mingta yangi uyni topshiramiz»

Erdo‘g‘on: «Tez orada zilziladan jabrlanganlarga 75 mingta yangi uyni topshiramiz»

3-fevral kuni Turkiyaning Hatay viloyatida bir yil avvalgi zilzilada jabr ko‘rgan xonadonlarga yangi uylarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qatnashdi.

«Bugun 7 275 nafar vatandoshimizga yangi xonadonlar kalitini topshirmoqdamiz. Ularning 6 572 nafari viloyat va tuman markazlarida, 703 nafari esa qishloq hududlarida yashovchilardir. Ikki oy ichida zilzila ro‘y bergan mintaqada 75 ming uy qurilishini yakunlaymiz», – dedi Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘on hukumat o‘z va’dasiga sodiq qolib, yil oxiriga qadar tabiiy ofatda jabr ko‘rgan aholiga 200 ming yangi xonadon topshirishini ta’kidladi.

Bundan bir yil avval, 6-fevral tongida Turkiyaning janubi-sharqiy Onado‘li mintaqasida boshlangan zilzilalar natijasida ko‘plab viloyatlar, ayniqsa, Gaziantep va Qahramanmarash katta talafot ko‘rdi. Tabiiy ofat, shuningdek, Hatay, Adiyaman, Diyorbakir, Malatya, Usmoniya, Elazig, Kilis, Shanliurfa, Adana viloyatlarida ham mash’um iz qoldirdi. «Asr falokati» deb nomlangan tabiiy ofat oqibatida Turkiyaning 11 ta viloyati, 124 ta tumanida yashovchi qariyb 14 million kishi jabr ko‘rdi.

Turkiya xalqining iroda va sabr-matonatini toblagan tabiiy ofat qardoshlik, birodarlik munosabatlarini ham bir qur imtihondan o‘tkazdi. Kuchli zilzila ro‘y bergan kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qilib, ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va katta talafot ko‘rilgani munosabati bilan chuqur hamdardlik izhor etdi.

Zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligi guruhi qidiruv-qutqaruv ishlarida faol ko‘mak berdi.

O‘zbekistonliklar tabiiy ofatda jabr ko‘rgan qardoshlarga moddiy-moliyaviy ko‘mak ham ko‘rsatdi.

Avval xabar berganimizdek, Turkiyaning yurtimizdagi elchisi Olgan Bekar kuchli tabiiy ofat kunlarida O‘zbekiston xalqi ko‘rsatgan ko‘mak unutilmasligini aytib, minnatdorlik bildirgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring