BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusini bir ovozdan qabul qildi

2025-yil 29-aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 29 aprelni Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyani bir ovozdan qabul qildi.
Hujjatga dunyoning barcha mintaqalaridan 80 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan.
Rezolyusiya O‘zbekiston Prezidentining zilzila qurbonlariga hurmat ko‘rsatish va bu borada xalqaro hamkorlik zarurligini eslatish maqsadida xotira va birdamlik kunini ta’sis etish to‘g‘risidagi tashabbusiga asoslangan.
2023-yil 16-mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida davlat rahbari tomonidan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgandi.
Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni ilk bor 2026-yil 29-aprel kuni nishonlanadi. Bu sana 1966yilda Toshkent shahrida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilaning 60 yilligi munosabati bilan belgilandi.
Zilzilalar eng halokatli tabiiy ofatlardan biridir. Ular barcha tabiiy ofatlar orasida nisbatan kichik ulushni tashkil etishiga qaramay, ko‘pincha eng fojiali oqibatlarga olib keladi.
Rezolyusiya BMTGA a’zo davlatlar, BMT tizimidagi muassasalar va boshqa xalqaro tashkilotlarni Xalqaro kunni nishonlashga, xususan, aholini xabardorligini oshirish, favqulodda vaziyatlarga chidamlilik va tayyorgarlikni kuchaytirishga qaratilgan axborot-targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish orqali ko‘maklashishga chaqiradi.
Hujjatning qabul qilinishi jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholandi. Dunyoning turli burchaklarida zilzilalar tez-tez sodir bo‘layotgan sharoitda ushbu tashabbusning dolzarbligi alohida ta’kidlanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter