Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eng boy davlatlardan birining eng kambag‘al fuqarosi

Eng boy davlatlardan birining eng kambag‘al fuqarosi

Singapurlik O Go Seng 30 yildan buyon o‘rmonda o‘zi qurgan kulbada yashab keldi va uning atrofiga sabzavotlar ekib, sotish orqali kun ko‘rdi.

O Go Seng yaqinda, yangi yil arafasida ko‘chada sabzavot sotgani uchun hibsga olindi. Shundan so‘ng u mashhurlikka erishdi.

Ushbu voqeaga guvoh bo‘lganlardan biri hodisani tasvirga olib, internetga joylashtiradi. Singapur turmush darajasi yuqori davlat bo‘lgani uchun bo‘lsa kerak, o‘rmondan kelgan keksa odamning nochorlikda qolgani va hibsga olingani mamlakatda katta noroziliklarga sabab bo‘ladi. Shundan so‘ng bu holat Singapur parlamenti a’zolarida qiziqish uyg‘otib, ular Sengning to‘liq tarjimai holi bilan tanishib chiqdilar.

O Go Seng oilasi bilan 1980 yillarda qishloqda yashagan, keyinchalik uning uyi o‘rnida osmono‘par binolar quriladi. Uning oilasi davlatga qarashli uylarga ko‘chirilgan. O Go Seng bir muncha vaqt o‘tgach, oilasiga og‘irlik qilmaslik uchun, o‘rmonda yashashga qaror qiladi.

U hech qachon yolg‘izlikni his qilmagan, kulbasi yonidagi baland daraxtning soyasi uni jazirama issiqlardan asragan.

O Go Seng hatto yangi oilali bo‘ladi, Indoneziyaga tegishli bo‘lgan qo‘shni Batam oroliga sayohat qilib, u yerda turmush quradi va qiz farzand ko‘radi. Rafiqasi uning o‘rmonda yashashini bilmagan edi.

Boshpanasiz qariyaning hikoyasi ommaga e’lon qilinganidan so‘ng, unga hukumat tomonidan uy ajratildi. Shuningdek, rafiqasi va qizi bilan uchrashishi uchun yordam ko‘rsatilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring