Ekvador mafiyasi isyon ko‘tardi
Mafiya va giyohvand kartellari Ekvadorda fuqarolar urushini boshladilar.
Prezident farmoni bilan mamlakatda faoliyat yuritayotgan 20 ta xalqaro jinoiy guruh terrorchi tashkilot deb tan oldi. Shundan so‘ng Ekvadorda mafiya isyon ko‘tardi.
Jinoyatchilar mamlakatga vahima solmoqda: ular TC Televisión telekanalining jonli efiri vaqtida boshlovchi va xodimlarni portlovchi moddalar bilan garovga olishdi, Guayakil universitetiga hujum qilishdi, mashinalarni yoqib yuborishdi va ko‘chalarda odamlarni o‘g‘irlab ketishdi.
Mahalliy ijtimoiy tarmoqlar politsiya va harbiy zobitlarning garovga olingani aks etgan videolar bilan to‘ldi – kamerada ularning boshiga qurol tirab turilgani ko‘rinadi.
Prezident Daniel Noboa favqulodda holat e’lon qildi va ichki qurolli mojaro haqida farmon chiqardi.
Guayakildagi TC Televisión studiyasidan olingan kadrlar butun dunyo bo‘ylab tarqaldi: niqobli bezorilar qo‘lbola portlovchi qurilmalar va granatalarni silkitib, teleboshlovchining cho‘ntagiga bomba qo‘yishadi... Telekompaniya xodimlari dahshatga tushgan holda yerda yotishibdi...
Jurnalist Bernarda Cevallosning aytishicha, hujumchilar axborot dasturi boshlanishidan o‘n daqiqa oldin binoga kirishgan.
«Bir do‘stim qo‘ng‘iroq qildi va baqirdi: «O‘nta qotil studiyaga yugurdi!» Men kelganimda, tashqi eshiklar yopiq edi. Otishma eshitildi. Jurnalistlarning bir qismi tomga yugurib chiqdi, boshqalari hojatxonaga yashirindi...»
Televideniye xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda vahimali xabarlarni yozishdi: «Ular barchamizni o‘ldirishmoqchi!»
Politsiya holatga aralashdi. Mahalliy nashrning yozishicha, televideniyeda garovga olinganlarning ba’zilari qo‘yib yuborilgan (biri o‘qdan yaralangan) va ayrim jinoyatchilar hibsga olingan.
Guayakil universitetida ham dahshatli voqealar sodir bo‘ldi — u yerga qurolli mafiozlar bostirib kirishib, talabalar va o‘qituvchilarni o‘g‘irlashga urinishdi.
Mamlakatning turli shaharlarida narkokartel jangarilari ko‘chalarda mashinalarni yoqib yuborishdi, harbiylar va politsiyachilarga qarshi o‘t ochishdi.
Guayakil metrosida va hatto Kitodagi prezident saroyi yonida otishmalar ovozi eshitildi.
Bu terrorning sababi nima edi?
Ekvador narkotik kartellari mamlakati bo‘lib, u kokain savdosi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinlardan birini egallaydi. Meksikaning mashhur Sinaloa karteli Ekvadorni o‘z og‘usini eksport qilish uchun asosiy tranzit nuqtasiga aylantirgan. Mahalliy to‘dalar eng xavfli qurolli tuzilmalarga aylandi.
O‘tgan yilning avgust oyida prezidentlikka nomzod, korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashgan Fernando Vilyavisensio saylovoldi tashviqoti yig‘ilishida boshiga uch marta o‘q uzilishi oqibatida halok bo‘lgandi.
Siyosatchi o‘limidan biroz avval Sinaloa kartelining yordamchilaridan biri, Los Choneros to‘dasi rahbari Fito laqabli jinoyatchining qo‘l ostidagilaridan tahdidlar olganini aytgandi.
O‘sha Fito – Adolfo Macias 2011 yildan beri Guayakil qamoqxonasida 34 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan edi. 8 yanvar kuni u o‘z kamerasidan «yo‘qolib qoldi». Rasmiylar, Fito qattiq qo‘riqlanganiga qaramay, bu qanday sodir bo‘lganini aniqlay olmadi. Masias aynan qachon g‘oyib bo‘lganiga qamoqxona xodimlari javob bera olishmadi. E’tiborlisi, Vilyavisensio qotilligida gumon qilinib hibsga olingan olti kishi qamoqxonada o‘ldirilgan – mafiya izlarni shunday yopgan.
Fitoning qochib ketishidan g‘azablangan prezident Noboa Ekvadorda favqulodda holat e’lon qildi, narkobaronni qidirish uchun uch ming xavfsizlik kuchini yubordi va qamoqxonalarda tartib o‘rnatishni buyurdi. Bunga javoban mamlakat bo‘ylab keng tarqalgan terror boshlanib ketdi.
Prezident nafaqat politsiyani, balki armiyani ham «mamlakat suvereniteti» uchun kurashga chaqirdi.
Narkobanalari ham taslim bo‘lish niyatida emas. So‘nggi yangiliklarga ko‘ra, jangarilar maktablarda otishma boshladi, hukumat mamlakatdagi o‘quvchilar uchun barcha darslarni bekor qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter