Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu yerda boshqa gap bor...» – Putinning  sobiq spichrayteri Kremlga uyushtirilgan hujum haqida

«Bu yerda boshqa gap bor...» – Putinning  sobiq spichrayteri Kremlga uyushtirilgan hujum haqida

Kremlga hujum ortidan Moskvada dron parvozi taqiqlandi.

Foto: «Izvestiya»

Rossiyalik siyosatshunos, o‘z davrida Vladimir Putinga spichrayterlik qilgan Abbas Gallyamov Kremlga uyushtirilgan dron hujumi yuzasidan fikr bildirdi.

Avval xabar berganimizdek, Kreml matbuot xizmati 3-may kuni kechqurun Ukraina tomoni Rossiya prezidenti qarorgohiga dron orqali zarba berishga uringani haqida bayonot berib, bu harakatni suiqasd deb atagan edi.

«Putin Kremlda kamnamo ekanini hamma biladi. Asosiy uchrashuvlarni u Novo-Ogarevo yoki Sochidagi qarorgohida o‘tkazadi. Ayniqsa, tunda Kremlda bo‘lmasligi aniq edi. Demak, bu shunchaki ramziy hujum, aslo suiqasd emas», – deydi Abbas Gallyamov.

Siyosatshunosga ko‘ra, Rossiyaning yuragi sanalgan Kremlga uyushtirilgan hujum mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimi zaifligini ko‘rsatadi.

«Agar dushman uchuvchisiz qurilmalari Kremlga qadar yetib kelayotgan ekan, u holda Rossiyaning Yevropa qismidagi boshqa istalgan ob’yekt himoyasizdir», – deydi ekspert.

Kecha Ukraina parlamenti deputati David Araxamiya  Kremlga  dronlar hujumi Putin tufayli sanksiyalar ostida qolgan rossiyalik oligarxlarning jamoaviy buyrug‘i bilan amalga oshirilgani haqida yozgan edi.

Vashingtondagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) esa Rossiya rahbariyati jamiyatni urushga kengroq safarbar qilish maqsadida Kremlga hujumni sahnalashtirgani haqidagi farazni ilgari surdi.

Tahlilchi Aleksey Arestovich ham hodisani provokatsiya deb baholagan. 

«Bu shunchaki provokatsiya. Ukrainaga hozirgi vaziyatda bunday beqarorlikning keragi yo‘q. Chunki biz siyosiy va harbiy kuchni qarshi hujumga safarbar etishimiz kerak. Provokatsiyadan ko‘zlangan maqsad qarshi hujum arafasida G‘arbni sarosimaga solish va shu orqali (harbiy) yordamni oz bo‘lsa-da susaytirishdan iborat», – deb hisoblaydi A.Arestovich.

Siyosatshunos Abbas Gallyamov ham dronlar hujumi Rossiya xavfsizlik tuzilmalaridagi «qirg‘iy»larning provokatsiyasi bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi. Ular shu orqali Putinni mamlakatda harbiy holat e’lon qilishga ko‘ndirishga urinmoqda. 

Bir muddat oldin A.Gallyamovning Putin Ukraina urushi muvaffaqiyatsiz tugasa, xorijga qochishni rejalashtirayotgani haqidagi fikri keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina prezidenti matbuot kotibi Sergey Nikiforov Kremlga hujumga Kiyevning aloqadorligini rad etgan. Unga ko‘ra, Ukrainaning maqsadi Moskvani nishonga olish emas, balki bosib olingan hududlarni ozod qilishdir.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring