Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayden Pentagon rahbarligiga nomzodni taqdim etdi

Bayden Pentagon rahbarligiga nomzodni taqdim etdi

Bayden va Ostin — eski tanishlar.

Foto: EPA/UPG

AQShning saylangan prezidenti Jozef Bayden iste’fodagi general Lloyd Ostin nomzodini mudofaa vazirligi (Pentagon) rahbarligiga taqdim etdi. Bu haqda «The Atlantic» jurnali xabar berdi.

«Men nega Lloyd Ostinni mudofaa vazirligiga tanladim» nomli maqolada Bayden shunday deydi: «Bizga biz duch kelajak chaqiruvlarga munosib, sinovlardan o‘tgan rahbar kerak».

Bayden ta’kidlashicha, Ostin Iroqdagi jangovar harakatlarda qatnashgan 150 ming nafar amerikalik harbiyni vatanga qaytarishda muhim rol o‘ynagan.

«Buning uchun askarning tajribasi va strategiyasidan ham ko‘proq narsa talab qilinardi. Ostin diplomatiya bilan shug‘ullandi, Iroq va mintaqadagi hamkorlarimiz bilan aloqalar o‘rnatdi, davlat arbobi sifatida ham o‘zini ko‘rsatdi», — dedi Bayden.

«Bugun men Lloyd Ostindan vatan topshirig‘i uchun — bu safar AQSh mudofaa vaziri sifatida qaytishni so‘ramoqchiman», — ta’kidladi Jozef Bayden.

Demokrat Ostinning harbiy xizmatdan to‘rt yil avval ketgani masalasiga ham to‘xtaldi. Gap shundaki, AQSh qonunchiligiga ko‘ra, mudofaa vaziri bo‘lish uchun harbiy kamida yetti yil ilgari iste’foga chiqqan bo‘lishi kerak. Bayden senatorlar Ostin uchun istisno qilishlariga umid bildirdi: «Mamlakatimiz duch kelayotgan jiddiy va zudlik bilan chora ko‘rish lozim bo‘lgan tahdidlarni ko‘zda tutib, uning nomzodini tezda tasdiqlash kerak».

Lloyd Ostin. Foto: CHIP SOMODEVILLA / GETTY

Ma’lumot uchun: Lloyd Ostin 2013—2016-yillarda AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligini (SENTKOM) boshqargan. Ushbu qo‘mondonlik Yaqin Sharq va Afrika mintaqasi uchun ham mas’ul. Agarda AQSh Kongressi Senati tasdiqlaydigan bo‘lsa, Ostin Pentagonga rahbarlik qilgan birinchi qora tanli bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring