Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh–Meksika chegarasida «ajal qopqoni» o‘rnatildi

AQSh–Meksika chegarasida «ajal qopqoni» o‘rnatildi

AQSh–Meksika chegarasida, Rio-Grande daryosida noqonuniy muhojirlarga qarshi suzuvchi to‘siqlar joylashtirildi. Texas shtati ma’muriyati tomonidan o‘ylab topilgan bu moslama «ajal qopqoni» deya tanqid qilinmoqda.

Bochkalardan iborat uzun moslama chegarani suv orqali noqonuniy kesib o‘tuvchilar yo‘lini to‘sishga mo‘ljallangan. Bochkalar orasida o‘tkir tig‘ – arralar o‘rnatilgan. Shunga ko‘ra jamoatchilik bu migrantlarni to‘xtatish emas, balki o‘ldirish maqsadida o‘ylab topilgan moslama ekanini aytmoqda. Xususan, AQSh–Meksika chegarasiga borgan kongressvumen Silviya Garsiya Texas ma’muriyatining bu xatti-harakatini qoralagan.

Suzuvchi to‘siqlar allaqachon bir necha muhojir hayotiga zomin bo‘lgan.

«Ajal qopqoni» jamoat xavfsizligiga tahdid solmoqda deb hisoblagan AQSh adliya vazirligi Texas shtati gubernatori Greg Ebbott ustidan sudga murojaat qilgan.

AQSh–Meksika chegarasida muhojirlar bilan bog‘liq fojialar ko‘p kuzatiladi. Masalan, joriy yil mart oyida muhojirlarni saqlash markazida ro‘y bergan yong‘inda o‘nlab odam halok bo‘lgan.

Keyingi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolarining AQShga Meksika orqali qing‘ir yo‘llar bilan kirishga urinishi holatlari ham kuzatilmoqda.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Meksika chegarasi orqali noqonuniy kirishga urinish xatarli ekanidan ogohlantirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring