AQSh rohinja musulmonlariga qarshi zo‘ravonliklarni genotsid deb tan oldi
AQSh Myanma armiyasi tomonidan rohinja musulmonlariga nisbatan amalga oshirilgan zulm va zo‘ravonliklarni genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat deb tan oldi. Bu haqda davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.
«Davlat departamentining ichki xulosalari hamda inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarning hujjatlariga tayanib, Qo‘shma Shtatlar Birma (Myanma) armiyasi harbiylari rohinja jamoasiga nisbatan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan degan xulosaga keldi», – deydi AQSh bosh diplomati.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yil ichida Myanma armiyasi o‘n minglab rohinja musulmonlarining o‘limiga sabab bo‘lgan, bu jafokash qavmning yana 1,2 mln nafari ta’qib-tazyiqqa uchragan. Davlat kotibi harbiylar qishloqlarni vayron qilish, xotin-qizlar nomusini poymol etish kabi og‘ir jinoyatlarni sodir etganini ham aytgan.
Rasmiy Vashington ayni paytda Myanmada hukmronlik qilayotgan harbiylar hokimiyatiga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishi kutilmoqda.
Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar Myanma ma’muriyati rohinja musulmonlariga nisbatan puxta rejalashtirilgan zulm-zo‘ravonlik siyosatini yuritib kelmoqda deb hisoblaydi. 2020 yil yanvar oyida BMTning Haagadagi xalqaro sudi mazkur mamlakat rahbariyatiga etnik ozchilik sanalgan rohinja qavmiga nisbatan genotsidni to‘xtatish majburiyatini yuklagan edi.
«Xabar.uz» avvalroq rohinja musulmonlarining ayanchli taqdiri xususida tahliliy maqola e’lon qilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter