Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amnesty International Hindistonda aksilmusulmon kayfiyat kuchayayotganidan ogohlantirdi

Amnesty International Hindistonda aksilmusulmon kayfiyat kuchayayotganidan ogohlantirdi

Foto: AA

Hindistonning Madhya Pradesh shtati ma’muriyati musulmonlar yashayotgan uylarni noqonuniy ravishda buzib tashladi. Bu haqda Amnesty International inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti xabar berdi. Hodisa Bxopal shahrida ro‘y bergan.

Gap shundaki, bu yil musulmonlarning Ramazon oyi hinduiylarning Ram Navami bayrami bilan bir paytga to‘g‘ri kelib qolgan. Hinduiylar Bxopaldagi masjid yaqinida baland ovozda musiqa qo‘yib bayram qilgan. Masjidda ibodat qilayotgan musulmonlar shovqin-surondan shikoyat qilgan. Oqibatda ikki o‘rtada ziddiyat kelib chiqqan. Mahalliy ma’muriyat esa ushbu hududda yashovchi bir necha musulmon oilaning uyini buzib tashlagan. Amnesty International tashkilotiga ko‘ra, mahalliy hokimiyat shu yo‘l bilan diniy ozchilik sanalgan musulmonlarning «aqlini kirgizib» qo‘yishga qaror qilgan.

Bxopal shahridagi musulmon jamoasi yetakchilaridan biri Said Mushtoq Ali Nadviy uylarning buzilishini qoralab, bu kabi zo‘ravonliklarning oldini olishni so‘ragan.

«So‘nggi kunlarda mamlakat aksilmusulmon kayfiyat va nafratga asoslangan fojiali hodisalarga guvoh bo‘lmoqda. Hokimiyat tomonidan gumonlanuvchi deb hisoblanayotgan insonlarga tegishli xususiy mulkning ogohlantirishsiz buzib tashlanishi qonunlarning poymol etilishidan boshqa narsa emas», – deydi Amnesty International tashkilotining Hindistondagi rahbari Aakar Patel.

Xalqaro tashkilot mahalliy ma’muriyatni tergov-tekshiruv o‘tkazib aybdorlarni jazolash hamda jabrlanuvchilarga tovon puli to‘lashga chorlagan.

Joriy yil yanvar oyida amerikalik inson huquqlari himoyachisi va Genocide Watch tashkiloti rahbari Gregori Stenton Hindistonda musulmon aholiga nisbatan genotsid sodir etilishidan ogohlantirgandi. 1994 yilgi Ruanda qatliomini avvaldan bashorat qilgan G.Stenton Hindiston bosh vaziri Narendra Modining aksilmusulmon siyosati Myanma ma’muriyatining rohinja musulmonlariga nisbatan zulm siyosatini yodga solishini aytgan.

Bir necha yil avval N.Modining Ayodhiya shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan bog‘liq ko‘hna masjid o‘rnida hindu ibodatxonasi qurish qarori ham bahsu munozaralarga sabab bo‘lgandi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring