Termizda tekin «Wi-fi»li «Aqlli bekat»lar foydalanishga topshirildi
Termiz shahrida bir yo‘la 8 ta innovatsion jamoat transport bekati foydalanishga topshirildi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Zamonaviy qurilish materiallari asosida qad rostlayotgan mazkur bekatlarda konditsioner, jamoat transporti harakat jadvalining tablosi, «Fuqaro – tezkor yordam xizmati» favqulodda aloqa axborot paneli, atrof-muhit monitoringi sensori, bepul Wi-fi internet tarmog‘i, video nazorati hamda USB elektr tarmog‘i nuqtalari, bank to‘lov terminali o‘rnatilgan.
Bu yerda odamlarning soni to‘g‘risida tezkor ma’lumot to‘plash imkoniyati yaratilgani yo‘nalishdagi transportni rejalashtirishda juda qo‘l keladi. Bekatlar va ularning yon-atrofida jamoat tartibini buzish holatlari bo‘yicha tezkor ma’lumot olish imkoniyati ham mavjud. Aholi taklif va istaklari asosida yangi bekatlar shahar telefon tarmog‘iga ham ulangan.
Zamonaviy jihozlangan har bir bekatga o‘rnatilgan quyosh elektr energiyasi panellari bekatning yoritgichlari va USB elektr tarmog‘i nuqtalarini avtonom elektr quvvati bilan ta’minlaydi. Bekatlarning 30 foiz qismi savdo-sotiq va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari uchun mo‘ljallangan. Qiziqarli kitob fondiga ega kutubxonalar tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin kelajakda viloyat markazida yana qirqdan ortiq aqlli bekat qurilib, ishga tushiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter