Innovatsion davra suhbati: Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yoshlarning o‘rni qanday? (video)
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirish bilan birga siyosiy va ijtimoiy sohalarda ham faol qatnashishmoqda. Bunga universitetda faol va tashabbuskor yoshlardan tashkil topgan «OratUz union» (O‘zbekiston notiqlar uyushmasi) yaqqol misol bo‘la oladi.
Uyushma tashkil etilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramasdan u universitet talabalari hayotiga kirib bora oldi. «OratUz union» tashabbusi bilan joriy yilning 16-fevral kuni universitetda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida talabalar va uyushmagan yoshlar ishtirokida «Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yoshlarning o‘rni» mavzusida innovatsion davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi mutaxassisi Sherzod Saparov yurtimizda olib borilayotgan islohotlar vatanimiz rivoji, xalqimiz farovonligi va insonlarning ilmli qatlamini yanada faollashtirishga xizmat qilishini ta’kidlab, davra suhbatida faol bo‘lgan yoshlarni «Harakatlar strategiyasi» ko‘krak nishoni va «Harakatlar strategiyasining yillik sarhisobi» kitobi bilan taqdirladi.
«OratUz union» asoschisi va rahbari Umidjon Ortiqov qaysi sohada faoliyat yuritishidan qat’i nazar har bir inson yurtimiz rivojlanishiga mas’ul ekanligiga hayotiy misollar keltirdi. Uyushmagan yoshlar davra suhbatiga bejiz taklif etilmaganligi, ular ham hayotda o‘z yo‘lini topishlari kerakligi ta’kidlandi.
Yoshlardan biri Murodjon Zeitov davra suhbatidan katta taassurot olganini aytib, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi. «OratUz union» jonkuyarlaridan biri Baxtiyor Mamirov ishtirokchilar e’tiboriga tarixiy faktlarni havola qildi va har bir katta yutuq katta mehnat ortidan kelishini interfaol uslublar yordamida isbotlab berdi. Innovatsion davra suhbatida yig‘ilganlar ishtirokida psixologik o‘yinlar, bahs va munozaralar bo‘lib o‘tdi, fikr almashildi.
Davra suhbati yakunida faol ishtirokchilar TATU ma’muriyati va universitet Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Gulnoza Turobova, TATU talabasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter