Davlat xaridlari: yangi qonun qanday imkoniyatlar beradi?
Aloqa tarixi muzeyida O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-aprel kuni qabul qilingan «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonuni mazmun-mohiyati muhokamasiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Tadbirda deputatlar, davlat organlarining mas’ul xodimlari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi kompaniya va tashkilotlarning rahbar va mutaxassislari qatnashdi. Ma’lum qilinishicha, davlat xaridlari to‘g‘risidagi e’lonlar joylashtiriladigan, xaridlar amalga oshiriladigan va bu jarayonlar haqida onlayn axborot beradigan maxsus sayt (xarid.uz) ishga tushirilgan.
Qonun mazmun-mohiyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish bo‘limi boshlig‘i Abror Gadoyev yig‘ilganlarga tushuntirib berdi. Mazkur qonun hujjati davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonidagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi, elektron formatdagi davlat va jamoat nazorati esa sohada raqobat muhitini yaratish, davlat budjeti hamda markazlashgan manbalar va davlat ulushiga ega korxonalar mablag‘laridan samarali foydalanish imkonini beradi.
Yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan bir qator savollarga mutaxassislardan javob olishdi.
Davlat xaridi bilan bog‘liq jarayonlarga Loyiha boshqaruvi milliy agentligi vakolatli organ qilib belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter