Xavfli chiqindilarni boshqarish borasida xorij tajribasi o‘rganildi
Ekologiya vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktor o‘rinbosari Timurlan Aytmuratov Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan «Xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yo‘q qilib yuborish ustidan nazorat qilish to‘g‘risida» Bazel konvensiyasi ochiq ishchi guruhining 14-yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbirdan maqsad elektron chiqindilar, chiqindi qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlar, ishlatilgan va chiqindi pnevmatik shinalar bo‘yicha texnik ko‘rsatmalarni qayta ko‘rib chiqish hamda Bazel konvensiyasi hamkorlik dasturini muhokama qilishdan iborat.
Ma’lumot ochun, O‘zbekiston mazkur konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 22 dekabrdagi 188-I-sonli «Xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yo‘q qilib yuborish ustidan nazorat qilish to‘g‘risidagi Bazel Konvensiyasiga qo‘shilish haqida»gi qaroriga asosan qo‘shilgan.
Tadbirda Bazel konvensiyasi ijrochi kotibi Rolf Payet bilan uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekistonda plastik chiqindilarni boshqarish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va kelgusidagi rejalar haqida fikr almashildi. Shuningdek, Bazel konvensiyasi doirasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga ham e’tibor qaratildi va boshqa mamlakatlarning xavfli chiqindilarni boshqarish sohasidagi ilg‘or tajribalari o‘rganildi.
Seminar doirasida yurtimizda quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
— Bazel konvensiyasi bo‘yicha konferensiyalar doirasida qabul qilingan texnik ko‘rsatma va tavsiyalardan kelib chiqib, Ekologiya vazirligi tomonidan amaldagi milliy me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish, jumladan, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
— O‘zbekistonda plastik chiqindilar hosil bo‘lishi yuzasidan xatlov ishlarini tashkil etish, mahalliy konsultantlarni jalb qilgan holda milliy qonunchilikni ko‘rib chiqish va plastik chiqindilarni boshqarish sohasida mavjud holat, muammo va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar bo‘yicha hisobot loyihasi tayyorlash;
— Plastik, ishlatilgan avtoshinalar, akkumulyator, elektron va tibbiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
— Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida ekologik madaniyat va dunyoqarashni yuksaltirish, ta’lim tizimlarida mazkur sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qilib borish tizimini yo‘lga qo‘yish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter