Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Botqoq»dan chiqish shart edi — «O‘zbekiston pochtasi» AJ rivojlanish yo‘liga o‘tmoqda

«Botqoq»dan chiqish shart edi — «O‘zbekiston pochtasi» AJ rivojlanish yo‘liga o‘tmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Oxirgi yillarda dunyo miqyosida pochta xizmatlariga talab keskin kamayib, xodimlar soni qisqartirila boshlandi. Qaysi mamlakatning pochta tizimi tezroq zamon talablariga moslasha olsa, nafaqat o‘zini saqlab qolishi, balki yangi xizmat turlari bilan mijozlar e’tiboriga yana  tushishi kundek ravshanlashdi.

Mamlakatimiz pochta xizmati ham ana shunday og‘ir kunlarni boshidan kechirdi va uning asoratlari hali-hanuz sezilmoqda. Tizimda xodimlar soni 2 barobar qisqarishga tushdi. Tasarrufdagi xizmat binolarining ahvolini esa tasavvur qilavering. Ammo «botqoq»dan chiqish, yana o‘z o‘rnini egallashi shart edi. «O‘zbekiston pochtasi» AJ rahbarlari almashdi, rivojlanish yo‘llari tanlandi.

Eng muhimi, hududlardagi tarmoqlarning ahvolini o‘rganishga kirishildi, e’tibor qaratildi. Albatta, yillar mobaynida yig‘ilib qolgan tog‘dek muammolarni bir lahzada hal qilishning imkoni yo‘q. Pochta tizimi xodimlarining ruhini ko‘tarishga eng asosiy vazifa sifatida qaraldi.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi Ishchi guruh a’zolari joylarda boshqa yo‘nalishlar qatori pochta korxonalariga borib, pochta xodimlarining holidan xabar olib, muammo va kamchiliklari haqida so‘rashdi.

«Mehnat qilish uchun sharoit qanday, ish haqi qancha, malaka oshirish yoki oliy ma’lumot olish istagidagilar bormi, qanday qilib pochtaning nufuzini oshirish, sifatli xizmat ko‘rsatish mumkin?». Mana shu kabi savollarga javob izlandi. O‘nglanish uchun qadamlar tashlandi.

Rivojlanish uchun malakali kadrlar zarurligi oddiy haqiqat. Shu yo‘nalishda o‘rta ma’lumotli pochta xodimlarining bir guruhi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga sirtdan o‘qishga qabul qilindi, hududlarda axborot xavfsizligi yo‘nalishida seminarlar navbati bilan o‘tkazila boshlandi. Hududlarda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi bilan hamkorlikda mijozlarga xizmat ko‘rsatish markazlarini ochish yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda 16 turdagi elektron davlat xizmatlari, 2 turdagi bank xizmatlari (plastik kartadan naqd pul yechish va mablag‘ bilan to‘ldirish), Infokiosk orqali xizmat ko‘rsatish, mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olishi uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan komplekslardan (pochtamat) foydalanish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini respublika ichida onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha milliy onlayn savdo maydonchasining veb-versiyasi ishga tushirildi, aholidan to‘lovlarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan mobil qurilmalardan foydalanishga kirishilmoqda.

Viloyat va tuman markazlariga xizmat ko‘rsatuvchi pochtachilar bosqima-bosqich elektroskuterlar bilan ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, davlat xususiy sherikchilik asosida pochta aloqasi ob’yektlarini qaytadan zamonaviy ko‘rinishda qurish, yagona dizayn asosida shaharsozlik talablariga moslashtirish ishlari boshlandi.

Bugun, 23-fevral kuni «O‘zbekiston pochtasi» AJ filiallari rahbarlari uchun «Pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish» mavzuida maxsus o‘quv kursining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘quv mashg‘ulotlarida «O‘zbekiston pochtasi» AJ Bosh direktori v.b. Alisher Fayzullayev,  Toshkent davlat yuridik universiteti «Davlat va huquq nazariyasi» kafedrasi professori Haydarali Muhammedov, AT «Aloqabank» boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, «O‘zbekiston pochtasi» Kuzatuv kengashi a’zosi Shavkat Iskandarov hamda «Muloqot samaradorligi, rahbar xodimlar kreativ fikrlash ko‘nikmalarini oshirishning innovatsion usullari», «Self-menejment», «Taym-menejment» kabi mavzularda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadi.

Shuningdek, ishtirokchilar Toshkent shahridagi IT-Park faoliyati va «Toshkent pochtamt» filialida pochta jo‘natmalarini qabul qilish, ishlov berish va yetkazib berish jarayonlari bilan yaqindan tanishishlari rejalashtirilgan.

Mazkur kurslar 27 fevralga qadar davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring