Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yuridik kadrlarni tayyorlash tizimida o‘zgarishlar bo‘ladi

Yuridik kadrlarni tayyorlash tizimida o‘zgarishlar bo‘ladi

Foto: «Xabar.uz»

«Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Hukumat qarori (189-son, 06.04.2021 y.) qabul qilindi.

Qaror bilan Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markaziga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Markaz, jumladan:

  • xalq ta’limi, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida yuridik fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik ma’lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlaydi;
  • nizolarni sudgacha muqobil hal qilish mexanizmi sifatida mediatsiya institutida samarali faoliyat yuritadigan mediatorlarni tayyorlaydi.

Qarorga ko‘ra, 2030 yil 1 yanvardan xalq ta’limi, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida yuridik fanlardan faqat oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan yoki Markazda pedagogik qayta tayyorlash kurslarini tugatgan va belgilangan namunadagi diplomni olgan oliy ma’lumotli shaxslar dars berish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, diplom olgan shaxslar davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati bilan bir qatorda FHDYo organlarida ishlashi mumkin.

Qarorga muvofiq, Xalq ta’limi, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida yuridik fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik ma’lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash kurslari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, kasbiy qayta tayyorlash kurslarida o‘qish masofaviy ta’lim shaklida davlat va rus tillarida amalga oshiriladi.

Kurslarda o‘qish xarajatlari TDYuU Kengashi tomonidan belgilanadi hamda shartnomaga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Mazkur kurslarda o‘qish ikkinchi oliy ma’lumot olish hisoblanmaydi.

Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan pedagog kadrlar kurslarga qabul qilinmaydi.

Kurslarda o‘quv jarayoni 18 haftani tashkil etadi.

Kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilar – xalq ta’limi tizimi pedagog kadrlari besh yil davomida, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimi pedagog kadrlari uch yil davomida belgilangan davriylikka muvofiq malaka oshirishdan ozod etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring