Toshkentda «Khan Academy Oʻzbek» — o‘zbek tilidagi ilk onlayn ta’lim maktabi ochildi
«Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan sana arafasida «Khan Academy Oʻzbek» — birinchi onlayn ta’lim platformasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Bugun, 18-oktyabr kuni Toshkentdagi INHA universiteti konferensiyalar zalida «Khan Academy Oʻzbek» – o‘zbek tilidagi birinchi bepul onlayn platformasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir onlayn maktab asoschilari qatorida, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekistondagi elchixona va diplomatik muassasalar vakillari, shuningdek, eng yaxshi o‘qituvchilar va fan olimpiadalari g‘olibiga aylangan o‘quvchilarni birlashtirdi.
Tadbir davomida yaratuvchilar ta’lim tizimida yangi sahifalar ochuvchi va ta’limga yangicha yondashishga chorlovchi mukammal kontentni namoyish qilishdi.
Faxrli mehmonlar qatoridan Yoshlar Ittifoqi markaziy kengashi raisi – Alisher Sa’dullayev, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi yetakchi ilmiy xodimi Aftondil Erkinov, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev, Toshkentdagi INHA universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov, AQSh elchisi o‘rinbosari Alan Melser, tashkilotchilar nomidan esa tadbirkor, «Khan Academy Oʻzbek» bepul onlayn ta’lim platformasi asoschisi Botir Orifjonov, shuningdek, hamasoschilar Umid Ishmuxamedov va Nigora Orifjonovalar joy olishdi.
Tadbir kuni qatnashchilar platforma bilan yaqindan tanishish, ta’lim sohasidagi mutaxassislar va ekspertlar bilan suhbatlashish, «Khan Academy Oʻzbek» jamoasi esa o‘z faoliyati haqida keng ma’lumot berish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ochilish marosimi spikerlari tadbirga kelgan mehmonlarga platforma haqida namoyishlarni ko‘rsatishdi va jamoada qanday vazifalarni bajarishi va «Khan Academy Oʻzbek» rejalarini amalga oshirishda nima turtki bo‘lganligi haqida so‘zlab berishdi.
So‘ng, sahnada kontent yaratuvchilari, shuningdek, ta’limni rivojlantirishda o‘z xissasini qo‘shgan homiylarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Loyiha asoschilari tantanali ravishda platformani ishga tushurishdi.
Shundan so‘ng, Alisher Sa’dullayev, Ibroxim Jo‘rayev, Sarvar Boboxo‘jayev, Aftondil Erkinov, Zafar Hoshimov, Botir Orifjonov, Umidjon Ishmuxamedov va moderator sifatida sessiyani olib borgan Nabi Tog‘ayev(«Khan Academy Oʻzbek» jamoasi a’zosi) ishtirokida «Nima uchun O‘zbek tilidagi kontentini rivojlantirish kerak? Onlayn ta’limning ustunliklari» mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
«Khan Academy Oʻzbek» haqida:
«Khan Academy Oʻzbek» — bu o‘zbek tilidagi ilk onlayn ta’lim maktabi. Xan akademiyasiga 2006 yilda amerikalik Salmon Xon tomonidan asos solingan. U boshqa shtatda istiqomat qiladigan jiyaniga matematika bo‘yicha masofadan turib saboq berish uchun darslarni video shaklida yozib, youtube tarmog‘iga joylashtirib boradi. Bu orada uning videosaboqlari boshqa foydalanuvchilar orasida ham keng tarqaladi. Shu tariqa akademiyaning ilk asosi qo‘yilgan.
«Khan Academy» onlayn tarzda mustaqil bilim olishga mo‘ljallangan platforma hisoblanadi. U matematika, fizika, kimyo, biologiya, iqtisodiyot, ingliz tili grammatikasi, tibbiyot, astronomiya, moliya, tarix kabi fanlar bo‘yicha 10 mingdan ziyod videodarslar va 100 mingdan ortiq mavzulashtirilgan interaktiv mashqlarni jamlagan juda katta qamrovli platforma bo‘lib, har kim o‘zi istagan tilda, qulay vaqt va joyda kerakli fan bo‘yicha bilimlarni olishi mumkin. Videolar 5-6 daqiqalik mikroma’ruzalardan iborat. Har bir video muayyan fan bo‘yicha bitta tushunchani tushuntirishga yo‘naltirilgan. Mazkur mavzu yuzasidan bilimlarni sinash uchun interaktiv mashqlar ham taqdim etiladi.
Khan Academy kontenti bugungi kunda 36ta tilga tarjima qilingan bo‘lib, undan 190dan ortiq davlatda 63 millionga yaqin odam foydalanadi. Eng ahamiyatlisi, platformadan foydalanish mutlaqo bepul.
Platformani o‘zbek tiliga o‘girish bilan «Bilim Onlayn» NNT shug‘ullanadi.
«Khan Academy Oʻzbek»ning maqsadi va vazifalari:
- Onlayn ta’lim uchun kontent yaratish
- O‘zbek tilida kontent yarati
- Aniq va tabiiy fanlarni dunyo miqyosida o‘rganish imkoniyatini taqdim qilish
- Xalqaro tajribani o‘rganish
- O‘zbekistonga mos o‘zimizning kontentni yaratish
Bugungi kunga qadar (3 sentyabr 2019 yil) quyidagi ko‘rsatkichlarga erishildi:
- 2,8 millionta so‘z o‘zbek tiliga tarjima qilindi;
- Birinchi fan — boshlang‘ich matematika video va matn materiallari to‘liq tarjima qilindi;
- Dastlabki 315 ta video darslar yaratildi va Youtube’dagi kanalimizga yuklandi.
Platforma uz.khanacademy.org manzilida ishga tushirilgan.
Nima uchun bu muhim?
Ushbu platforma millionlab odamlarga nafaqat O‘zbekistonda, balki o‘zbek tilida so‘zlashuvchi boshqa mamlakatlarda yashaydiganlar uchun ham sifatli va bepul ta’lim olish imkoniyatini beradi.
Shaxsiy o‘qituvchi bilan shug‘ullanish imkoniyati bo‘lmagan bolalar ham o‘zbek tilida dunyo standartlariga javob beradigan bilimni hamma joyda, istalgan vaqt va bepul olishlari mumkin.
Platforma individuallashtirilgan bo‘lib, u teskari sinfxona metodini qo‘llash imkonini beradi, ya’ni Khan Academy videolari o‘quvchilarga uyga vazifa qilib berilishi, sinfda esa ularga tushunarli bo‘lmagan joylarigina muhokama qilinishi mumkin.
Homiylar:
- UMS
- Digital Trust,
- EBRD
- KNAUF
- Murad Buildings
- B&B
- Les Ailes
- Mavis
- Greenwhite Solutions
- uz
Shu kunga qadar dunyoning turli nuqtalaridan bo‘lgan 800 ga yaqin donorlar yordamida jami 200 ming AQSh dollari yig‘ildi.
Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi ko‘magida «Bilim Onlayn» NNT tomonidan amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter