«Online Maktab» davom etadi — kamchiliklar, biz o‘rgangan tajriba haqida
Pandemiya davrida ko‘pgina sohalar qatori maktab va universitetlarda ham masofaviy ishlashga o‘tildi. Onlayn ta’lim berish tajribasi O‘zbekiston uchun yangilik bo‘lmasa-da, hali u qadar ommalashmagani bois dastlabki kunlarda ta’lim tizimi turli xil muammolarga duch kela boshladi. Bu ko‘proq moddiy texnik bazaning yo‘qligi, borlarining ham to‘liq shakllanmagani, pedagoglarda onlayn platformada ishlash tajribasining yetishmasligida ko‘zga tashlanib turdi.
Shunga qaramay ta’lim berish jarayoni to‘xtab qolgani yo‘q. Koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan karantin davrida Xalq ta’limi tizimida o‘quvchilarga bilim berish jarayonining uzluksizligini ta’minlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, «Online maktab» loyihasi ishlab chiqilib, bolalarga masofaviy ta’lim berish yo‘lga qo‘yildi.
O‘quvchilarning ta’tilini mazmunli o‘tkazish va o‘quv dasturda belgilangan bilimlarni o‘z vaqtida o‘zlashtirish maqsadida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda online-maktab rukni ostida televizion darslarni tasvirga olish ishlari amalga oshirildi.
Televizion darslar milliy teleradiokompaniya tarkibidagi 5 ta telekanal («Yoshlar», «Oilaviy», «Madaniyat va ma’rifat», «Dunyo bo‘ylab» va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy televideniyesi) tomonidan tasvirga olindi.
Tasvirga olish ishlari joriy yilning 16 martidan 8 mayiga qadar 2 bosqichda amalga oshirildi.
Birinchi bosqich - 2020 yil 16 martdan - 18 aprelgacha O‘zMTRK «Mediamarkaz» studiyalarida;
Ikkinchi bosqich - 2020 yil 22 apreldan - 8 maygacha Toshkent shahridagi Prezident maktabi binosida.
Televizion darslar joriy yilning 30 martidan 25 mayiga qadar O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 3 ta telekanalida dushanbadan shanbagacha har kuni soat 8:30 dan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining barcha sinflari uchun online-maktab turkumida namoyish etib borildi.
Jumladan, NatGeoWild (1-4-sinf o‘quvchilari uchun), Eurosport (5-8-sinf o‘quvchilari uchun), Oxota i Ribalka va Muz TV (9-11-sinf o‘quvchilari uchun) telekanallari orqali videodarslar efirga uzatilib, parallel ravishda https://t.me/uzeduonlinemaktab, mover.uz/channel/uzedu saytlari, youtube kanali hamda Kundalik.com hamda onlayn maktab elektron portali orqali kuzatib borish uchun sharoitlar yaratildi.
Mediabay.uz, Mover.uz saytlariga hamda ijtimoiy tarmoqdagi telegram kanallariga joylashtirildi.
Televizion darslarni tasvirga olishda jami 301 nafar xodim, shundan 211 nafari o‘qituvchi, 12 nafar muharrir, 11 nafar surdopedagog, 2 nafar psixolog, 2 nafar shifokor, 23 nafar tashkilotchi, 40 nafar televideniye xodimlari jalb etildi.
Online-maktab loyihasi doirasida joriy o‘quv yilining 4-choragiga mo‘ljallangan o‘quv dasturlari asosida 17 ta umumta’lim fanlaridan jami 3 904 ta videodars (shundan 1953 ta o‘zbek va 1951 ta rus tillarida) darslar efirga uzatildi. 497 ta videodars qoraqalpoq tilida tasvirga olindi.
Televizion darslarni tasvirga olishda imkoniyati cheklangan bolalarni o‘qitish ham inobatga olingan, barcha dars mashg‘ulotlari kar va zaif eshituvchi bolajonlarga ham tushunarli bo‘lishi uchun surdopedagog va surdotarjimonlar tomonidan sinxron ravishda tarjima qilinmoqda. Ko‘zi ojiz bolalar esa televizion dars mashg‘ulotlarini ovozli eshitib, tushunib olishlariga imkon yaratiladi.
Masofaviy ta’lim dunyo tajribasida avvaldan bor edi. Avstraliya, Yangi Zelandiya, Kanada kabi davlatlar bu borada yetarlicha tajribaga ega. Shu paytgacha O‘zbekistonda bunga hozirgidek ehtiyoj tug‘ilmagani uchun u qadar ommalashmay kelayotgandi. Karantin cheklovlari o‘rnatilishi bilan bu masala dolzarb mavzuga aylandi va uni joriy qilish bo‘yicha kerakli vazifalar amalga oshirila boshlandi. Albatta, bu kamchiliklardan xoli bo‘lmadi. Muhimi, ana shu xatolardan kerakli xulosalar chiqarib, tajriba orttirayotganimizda. Pandemiya bahonasida buni masofaviy ta’limni sinovdan o‘tkazib oldik va onlayn ta’lim berishning afzalliklari ham borligini tushunib yetdik.
Endilikda Xalq ta’limi tizimida masofaviy ta’limni rivojlantirish maqsadida «Online Maktab» loyihasi davom ettiriladigan bo‘ldi. Yuqorida aytilganlardan loyiha ustida anchagina ish olib borilganini ko‘rish mumkin. Navbatdagi masala uning qanday natija berishi bo‘ladi. Hozircha biron-bir aniq fikrni aytish noo‘rin. Chunki ta’lim uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, natijasi biroz keyinroq yuzaga chiqadi. Lekin boshqa davlatlar ham bu tajribani boshdan kechirishgani, O‘zbekiston ham ana shu davlatlar tajribasidan kelib chiqib qarorlar qabul qilayotganini hisobga olsak, ijobiy natijaga yaqin turibmiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter